Armaniston-Ozarbayjon ixtilofining 11-kuni

  • Amerika Ovozi

Ozarbayjon Mudofaa vazirligining bildirishicha, arman kuchlari mojaro zonasidan tashqarida joylashgan Barda va Ganja shaharlarini nishonga olgan. Ozarbayjon 27-sentabrdan beri 30 tinch fuqarosining nobud bo’lgani, 143 nafarining yaralangani haqida ma’lum qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 8-oktabr, 2020-yil

Armanlar tomonidan boshqarilayotgan Tog’li Qorabog’ rasmiylariga ko’ra, o’lkaning Shusha va Stepanakert shaharlari tunda o’qqa tutilgan, aholi yerto’lalarda jon saqlamoqda. Shusha shahrida 19-asrda qurilgan cherkovga zarar yetgani aytilmoqda. Xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan hudud vakillari mojaro boshidan beri 320 askari va 19 nafar tinch fuqarosini yo’qotganini bildirdi.

Bugun Shveysariyaning Jeneva shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Tog’li Qorabog’dagi vaziyat bo’yicha vositachi bo’lib kelgan Minsk guruhiga raislik qilayotgan AQSh, Fransiya va Rossiya diplomatlari Ozarbayon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan muloqot qildi.

12-oktabr kuni Minsk guruhi a’zolari Moskvada to’planib, Armaniston Tashqi ishlar vaziri Zohrab Mnatsakanyan bilan gaplashishi kutilmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon vazirining ham Moskvada bo’lishiga va arman hamkasbi bilan uchrashishiga ishora qilmoqda.

Ushbu ixtilofda Ozarbayjonni qo’llab-quvvatlayotgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Minsk guruhi faoliyatini tanqid qildi.

“Minsk guruhi shu kungacha muammoni hal etish uchun siyosiy iroda ko’rsatmadi. Armanistonning so’nggi salkam 30 yildagi murosasizligi va taltayishi natijasida muammo gangrenaga aylandi. Unga yechim topish uchun okkupatsiyaga chek qo’yish kerak”, - dedi Turkiya rahbari.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bugun telefonda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashib, rasmiy Boku muzokaralarga harbiy kampaniyaning jangovar bosqichidan so’ng qaytishini bildirgan. Kreml Qorabog’ bo’yicha tinchlik sammitini o’tkazish ustida o’ylanmoqda. Putin tomonlarni sulhga chaqirmoqda.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan murosaga tayyor ekanini aytgan, agar Boku bunga hozirligini bildirsa. Bugun Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati rahbari ishdan olindi.

Bu o’rtada to’qnashuvlar to’xtagani yo’q. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi armanlar bosib olgan Fuzuli rayonida dushman tanklarini qo’lga kiritganini ma’lum qildi.