Armaniston Ozarbayjonga Kelbajar rayonini qaytardi

  • Amerika Ovozi

Arman aholi Kelbajarni tark etmoqda

Ozarbayjon va Armaniston imzolagan sulh bitimiga muvofiq Armaniston harbiylari Tog’li Qorabog’dagi Kelbajar rayonini tark etishi ketidan Ozarbayjon armiyasi hududga kirdi. Ikki hafta oldin Rossiya vositachiligida erishilgan kelishuvga ko’ra, yangi yilgacha yana bir necha rayon Ozarbayjonga qaytarilishi kerak.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 25-noyabr, 2020-yil

Kelbajar 15-noyabrda topshirilishi kerak edi, biroq Ozarbayjon Armanistonning jarayonni bir necha kunga kechiktirish iltimosini qondirdi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, tog’li hududda ob-havoning yomonlashishi sabab harbiylar va oddiy aholining harakatlanishi qiyinlashgan.

27-sentabrdan noyabr boshigacha davom etgan harbiy to’qnashuvlarda Ozarbayjonning qo’li baland keldi. Rossiya vositachiligidagi uchta sulh ish bermadi. Ozarbayjon armiyasi Tog’li Qorabog’dagi ikkinchi yirik shahar Shushani qo’lga kiritishi ketidan Armaniston davomiy sulhga rozi bo’ldi.

Kelbajarni tark etgan arman aholisi uylarini yoqib ketgan. Harbiylari esa rayon bilan chegarada nazorat punktlari o’rnatgan.

Ozarbayjonlik mutaxassislar asosiy kuchlar kirishidan oldin hududni minalardan tozalashga muvaffaq bo’ldi.

Arman harbiylari va aholisi o’tgan hafta Agdam rayonidan chiqqan. Kelishuvga ko’ra Lochin rayoni ham Ozarbayjonga qaytariladi.