NATO-Rossiya samolyotlari to'qnashuvi ehtimoli oshmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiyaning NATOga a’zo mamlakatlar chegarasi yaqinida uchgan samolyotlarini ortga qaytarish uchun alyans o’tgan yili 800 marta o’z samolyotlarini havoga ko’tardi. Bu 2014-yilga qaraganda ikki baravar ko’p.

Londondagi “Genri Jekson jamiyati” tahlil markazi tayyorlagan hisobotda xavfli vaziyatning oldini olish maqsadida NATO va Rossiya o’rtasida aloqani yaxshilash, yangi bitim imzolash taklif etiladi.

Samolyotlarning bu kabi yaqinlashuvi Sovuq urush paytida ko’p uchragan.

“Bunday holatlar, asosan, munosabatlar tarang davrlarga to’g’ri keladi”, - deydi tashkilot xodimi Endryu Foksol.

Unga ko'ra, nazariy jihatdan Rossiya o’zini kuchli, NATO a’zolarini esa zaif qilib ko’rsatishga harakat qiladi.

"Rossiyaliklar buni aynan shunday qabul qiladi va bu Putinning foydasiga bo’lyapti”, - deydi Foksol.

Rossiya parvozlar yordamida ma’lumot to’plamoqda.

“Masalan, NATOga a’zo mamlakatlar o’rtasidagi muloqot kanallarini, Angliya floti kapitanlari va harbiy uchuvchilari tayyorgarligini, erta ogohlantirish sistemasini bilmoqchi”, - deydi ingliz tahlilchisi.

Mushuk-sichqon o’yini nafaqat Yevropa osmonlarida, balki dengizda ham kuzatilmoqda, ayniqsa Rossiya harbiy kemalari Britaniyaning yadroviy suvosti kemalari floti joylashgan Shotlandiya bazasi atrofida ko’p aylanmoqda.

“Agar rus suvosti kemalari bazamizdagi suvosti kemalarning o’ziga xos tovushini yozib olishga muvaffaq bo’lsa, Britaniyaning mudofaa salohiyatiga jiddiy putur yetadi”, - deydi ekspert.

O’z navbatida Rossiya ham NATOni chegarasi yaqinida uchayotganlikda ayblamoqda. O’tgan oy NATO samolyoti Rossiya mudofaa vaziri ketayotgan samolyotga yaqinlashgani Moskva noroziligiga uchradi.