AQSh harbiylari fazoda yuk stansiyalari barpo etmoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh harbiylarini zarur yoqilg’i va anjomlar bilan ta’minlash ishlari yaqin orada fazo orqali amalga oshirilsa ajab emas. Orbitada yuk stansiyalarini barpo etish taklif qilinmoqda. Transport uchun mas’ul qo’mondonlik xususiy sektorni jalb qilgan holda bu loyihaga kirishyapti.

Hozirda tankerlar va yuk samolyotlari yoqilg’i va jihozlarni uzoq masofaga yetkazishning eng tez usuli hisoblanadi.

Ammo harbiy transport uchun mas’ul general Karlton Everhart fikricha, bundanda yaxshiroq yo’li bor.

“Ta’minot fazo orqali amalga oshirilsa, dunyoning narigi burchagiga 30 daqiqada bora olamiz. Xususiy sektor xarajatlarni kamaytirishda yordam bersa, bu jabhada olg’a yura olamiz, deb ishonaman. Gap urush tezligi haqida ketyapti”, - deydi general.

Fazoviy ta’minot yangi g’oya emas. Xususiy kompaniyalar allaqachon bu g’oyani amalda tatbiq etish ustida ishlamoqda. General Everhart ular bilan hamkorlik qilmoqchi.

“Shulardan biri - “SpaceX” kompaniyasi. Chet elda ham korxonalar shu loyiha bilan band. “Sierra Nevada” kompaniyasining “dream chaser” degan fazoviy apparati AQSh hukumatiga strategik ustunlik berishi mumkin”, - deydi Erik Stolmer, fazoviy parvozlar federatsiyasi rahbari.

Ammo bu ustunlik haddan ziyod katta mablag’ talab qiladi - har bir kilo yuk uchun minglab dollar. Ekspertlar fikricha, fazodan foydalanish o’zini oqlashi kerak, agar eng muhim missiyalarda qo’llansa.

“Liviyaning Bing’ozi shahridagi vaziyatni oling. U yerdagi inshootimiz hujumga uchraganida, maxsus kuchlarni 45 daqiqada yetkaza olganimizda, natija boshqacha bo’lardi”, - deydi tahlilchi Tod Xarrison.

Suhbatdoshning aytishicha, fazoviy ta’minot kelasi 10 yilda tayyor bo’lmaydi. Ammo sanoat ekspertlari qisqaroq muddatni tilga olmoqda.

“Menga aytishlari bo’yicha, kelasi ikki yilda amalga oshishi ehtimoli bor. Fazoviy imkoniyatlar kengayib borayapti, biz bu sohada hech kimdan orqada qolmasligimiz kerak”, - deydi general Everhart.

Fazo ta’minotini ro’yobga chiqarish va harbiy sohada qo’llash bo’yicha hukumatga takliflar beryapmiz, deydi general.