Nigeriyada BMT idorasi portladi

  • Amerika Ovozi

Nigeriyada BMT idorasi portladi

Nigeriya poytaxti Abujada Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosida bugun tongda portlash ro’y berib, 18 odam o’lgan, lekin bu raqam oshishi kutilmoqda.

Guvohlarning aytishicha, hududdan yaradorlar va o’lganlar hamon olib chiqilmoqda. BMT rasmiylari binoga bomba joylanganini tasdiqlagan.

Shu atrofda boshqa diplomatik korpuslar, jumladan, Amerika elchixonasi faoliyat ko’rsatib kelgan.

“Amerika Ovozi” muxbiri Jozefin Kamaraning Abujadan xabar berishicha, BMT idorasida kunda taxminan 400 kishi ishlaydi, orasida xorijliklar ko’p.

To’rt qavatli imorat qattiq zarar ko’rgan, omon qolgan derazaning o’zi yo’q, binoga o’lganlar va jarohat olganlarning yaqinlari yo’latilmoqda, xolos, deya xabar beradi muxbirimiz.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun xuruj munosabati bilan ta’ziya bildirib, aholiga yordam berib kelgan tashkilotni nishonga olish vahshiylikdir, dedi. Pan Gi Mun BMT "oson" o'ljaga aylanib qolayotgani haqida ogohlantirmoqda.

Boko Xaram jangari guruhi bu ularning ishi ekanini va hali boshlanishi ekanini aytmoqda.

Nigeriya prezidenti Gudlak Jonatan xurujni "qo'rqoq, yuzsiz insonlar bajradi" deya, puxta tergov o'tkazishga va'da bergan.