Din

Klinton notinch Nigeriyada mudofaani yaxshilashga undadi

  • Amerika Ovozi

Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton, Nigeriya rahbari Gudlak Jonatan

Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun Nigeriyada prezident Gudlak Jonatan va xavfsizlik uchun mas’ul rasmiylar bilan ko’rishgan.

Poytaxt Abujani ko’zdan kechirar ekan, Klinton ma’murlarni mazhablararo, dinlararo zo’ravonlikka qarshi tezkor chora ko’rishga da’vat etdi.

Shimoliy Nigeriyada asosan musulmonlar, janubda esa xristianlar yashaydi.

AQShda asoslangan Human Rights Watch tashkiloti nazarida Klinton prezident Jonatanni savolga tutib, Boko Haram jangari guruhi sodir etgan jinoyatlarni tergov qilishga, armiya aralashgan qabih ishlarni fosh etishga majburlashi kerak.

Amerika hukumati Boko Haramning uch yetakchisini terrorchi deb e’lon qilgan.

Bugun kechroq Klinton qo’shni Ganaga, keyin Beninga jo’naydi. Afrika bo’ylab safari davomida u Senegal, Uganda, Janubiy Sudan, Keniya, Malavi va Janubiy Afrikada ham to’xtab o’tdi.

160 million kishilik aholisi bor Nigeriyada oxirgi ikki yilda jangarilar hujumlari va diniy adovat alanga olgan.

Huquq faollarining aytishicha, Boko Haram hukumat idoralari, rasmiylar va cherkovlarni nishonga olib, shu paytgacha mingdan ziyod odamning yostig’ini quritgan.

Cherkovga qilingan hamlalar nasroniy jamoalar g’azabini uyg’otib, yangi jinoiy oqimni paydo qilgan.