Amerikadagi o'zbeklar uchun qiyin damlar; umidni boy bermang, deydi Norxo'ja Eshon

Norxo'ja Eshon, "Vatandosh" O'zbek-Amerika Federatsiyasi ortidan turgan faollardan biri

Norxo'ja Eshon Nyu-Yorkda vatandoshlarga maslahat berib tanilgan. Oramizda yurganlar jiddiy jinoyatlarda gumon qilinishi, tabiiyki, odamlarni xavotirga soladi, hamma hayron, deydi otaxon, lekin tergov davom etarkan, xulosa qilishga shoshmang.

Nyu-Yorkda yashagan 24 yoshli Abdurasul Jo'raboyev, 19 yoshli Ahror Saidahmetov va 30 yoshli Abror Habibov "Islomiy davlat" terror tashkilotiga kirish, buning uddasidan chiqa olmagan taqdirda, AQSh prezidentini o'ldirish, bomba xurujlari qilish, politsiya va rasmiylarni o'ldirishni ko'zlaganlikda ayblanib hibsda. Ular istiqomat qilgan Bruklin tumani minglab o'zbeklarga yangi vatan. AQShga kelgan vatandoshlarning ko'pi avvalo shu yerga boradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikadagi o'zbeklar uchun og'ir damlar; umidni boy bermang, deydi Norxo'ja Eshon - Navbahor Imamova

Your browser doesn’t support HTML5

Kichik O'zbekistondagi katta muammolar - "Vatandosh" rahbari Farhod Sulton bilan suhbat - Navbahor Imamova

Atlantika okeani bo'yidagi Brayton Bich mahallasida bir necha yildan beri yashab, tirikchilik qilayotgan otaxon Norxo'ja Eshon "Vatandosh" O'zbek-Amerika federatsiyasida faol . Yoshlarga maslahat berib, yurtdoshlarga madad ko'rsatib tanilgan inson. Oramizda yurganlar jiddiy jinoyatlarda gumon qilinishi, tabiiyki, odamlarni xavotirga soladi, hamma hayron, deydi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, lekin tergov davom etarkan, xulosa qilishga shoshmang.

Suhbatdosh fikricha, eng katta muammolardan biri - yoshlarning ingliz tilini yaxshi bilmasligi. Aynan shu sabab ham ular adashishi, jamiyatdan ajralib qolishi mumkin. Masjidlarda ma'ruzalar odatda ingliz yilida. Turk va Janubiy Osiyo tillarida faoliyat yuritadigan diniy maskanlar ham bor. "Vatandosh" tashkiloti mahalliy hokimiyat bilan hamkorlikda shu masala bilan shug'ullanib, yoshlar to'g'ri ilm olishi uchun imkoniyatlar yaratishi lozim, deydi Norxo'ja Eshon.

Ota-ona farzandlariga ko'proq e'tibor berishi, ular necha yoshda bo'lishidan qat'i nazar, o'zbek tadbirlariga olib borib jamiyatga qo'shishi kerak, deydi otaxon. Ayniqsa, yangi kelganlarga qiyin.

Norxo'ja Eshon deydiki, o'zbeklar ko'paygani sari ona tildagi axborot vositalariga talab ham oshib bormoqda. Muhojir doiralar, masalan, ruslar o'z mahalliy teledasturlarini yuritadi. Bu vositalar jamoa a'zolarini bir-biriga yaqinlashtiradi. Ular - muhim masalalar muhokama qilinadigan sahna. Bu borada anchadan beri harakat bor, biroq yetmayapti, deydi suhbatdosh, balki muntazam teleprogrammani yo'lga qo'yish kerakdir.

Dunyoning qayerida bo'lmasin, tarbiya tobora mushkul vazifa. Farzandi kim bilan do'stlashayapti, qayerda yuribdi, nimaga qiziqayapti - ota-onaga bularni nazorat qilish oson emas. Muhojirlar tinim bilmaydigan guruh: tirikchilik bilan ovora, vatandagi yaqinlarining dardida.

Yangiliklarni eshitib, Amerikadagi o'zbeklar xalqini sharmanda qilmoqda deb uh tortmang, deydi Norxo'ja Eshon. Avvalo, hali bu yigitlarning aybi isbotlanmagan. Lekin jiddiy ayblovlar bilan yuzlashmoqda. Masala hammani tashvishga soladi.

Biroq shuni ham unutmaylikki, deydi otaxon, bu bepoyon yurt bo'ylab nafaqat o'z elatini balki butun insoniyatni faxrga to'ldirib yurgan o'zbeklar juda ko'p va ularning safi kengayib bormoqda. Sport olamida nom qozonayotgan o'smirlardan tortib, iqtisod va siyosatda o'z o'rnini topayotgan vatandoshlargacha - ular kimligini biladi, es-hushli, elning rahmatini olib yuribdi.

Jahon ahli hozir ekstremizm muammosi bilan yuzlashmoqda, deya eslatadi Norxo'ja Eshon, shu jumladan Amerika, O'zbekiston va dunyoning turli chekkalarida yashayotgan o'zbeklar. Har bir odam qo'ldan kelganicha bu kurashga o'z hissasini qo'shishi kerak. Tinchlik-farovonlik bo'lsin, deya duo qiladi suhbatdosh.

"Vatandosh" rahbari Farhod Sulton Bruklin hokimi Erik Adam (chapda) va boshqa rasmiy va faollar bilan, 26-fevral, 2015