Pxenyan yangi yadroviy sinovga hozirlanayotgan bo'lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Janubiy Koreyaga qarashli “Ryonxap” axborot agentligining xabar berishicha, Shimoliy Koreya xalqaro taqiqlarga zid holda beshinchi yadroviy sinovni o’tkazishga hozirlanmoqda.

Agentlik qo’shni davlatdagi yadro inshootlarini kuzatayotgan Janubiy Koreya davlat idoralaridagi manbalaridan olingan ma’lumotga asoslanib xabar bermoqda.

Unga ko’ra, Pxenyanning Pungeri yadro poligonida faollik 2-3 baravar kuchaygan, inshootga kirib-chiqayotgan yuk mashinalar yadroviy mutaxassislarni tashiyotgani faraz qilinmoqda.

May boshida Shimoliy Koreyadagi hukmron Ishchilar partiyasi majlis o’tkazishi kutilmoqda. So’nggi paytdagi yig’inlarda davlat rahbari Kim Chen Un mamlakatining yadro va ballistik qurollarini hamda uzoq masofali ballistik raketalarga mos keluvchi kichik hajmli yadro kallakchalarini yaratish bobidagi yutuqlarini tilga oldi.

Xorijiy kuzatuvchilar nazarida, Pxenyan da’vo qilayotgan birorta yutuq tasdig’ini topmagan, Shimoliy Koreya harbiy salohiyati oshgani haqida shunchaki og’iz ko’pirtirmoqda.

O’tgan hafta mamlakat asoschisi Kim Ir Senning tug’ilgan kunida uchirilgan o’rta masofali ballistik raketa muvaffaqiyatsizlikka uchradi.