Pxenyanning yana bir raketa sinovi xalqaro muhokamada

  • Amerika Ovozi

"Xvason-15" qit’alararo ballistik raketasi

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeylining aytishicha, Shimoliy Koreyaning eng so’nggi raketa sinovi dunyoni urushga yaqinlashtirmoqda. Pxenyan shu hafta yangi qit’alararo ballistik raketasini uchirdi.

Xeylining BMT Xavfsizlik Kengashidagi favqulodda majlisda aytishicha, AQShning Shimoliy Koreya bilan urush qilish niyati yo’q.

“Xitoy sal ko’proq harakat qilishi kerak. Prezident Tramp tongda Xitoy rahbariga qo’ng’iroq qilib, undan Shimoliy Koreyaga neft ta’minotini butunlay uzishni so’radi”, - dedi elchi.

Bundan tashqari, Trampning o’zi ham Pxenyanga qarshi qo’shimcha sanksiyalar e’lon qilishi kutilmoqda.

Shimoliy Koreyaning yangi raketasi AQShgacha bo’lgan masofani qoplashi aytilmoqda. Bu Pxenyanning joriy yildagi 20-sinovi edi.

Bu davlat rahbari Kim Chen Unning aytishicha, “Xvason-15” raketasi Shimoliy Koreyaning to’laqonli yadroviy davlatga aylanish jarayonini bajarishga yordam berdi.

Biroq ayrim tahlilchilar bunga shubha bilan qaramoqda. Ularga ko’ra, Shimoliy Koreyada raketasining Yer atmosferasiga zararsiz qaytib kirishini ta’minlovchi texnologiya yo’q hali.