Nyu-Yorkda musulmon politsiyachi qahramon sifatida olqishlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Nyu-York shahrida musulmon politsiyachi qahramon sifatida olqishlanmoqda. U portlovchi modda solingan mashinani odamlar gavjum joydan xavfsiz hududga olib chiqqan. Maqsadim imkon qadar koproq odamlarni xavfdan asrash edi, deydi u.

Serjant Hamid Armani Nyu-York politsiyasiga 2006-yil qo’shildi. Qonun ustuvorligini ta’minlashga hissa qo’shishni istadim, deydi u.

“Afg’onistonda tug’ilib o’sganman. Ko’p adolatsizliklarni ko’rdim. Bir kun kelib politsiyachi bo’laman va yaxshi ishlar qilaman, degan orzuim bor edi”, - deydi u.

O’tgan oy u nafaqat to’gri ish qildi, balki Tayms maydonidagi yuzlab odamlarni qutqarish uchun hayotini xavf ostiga qo’ydi.

20-iyul kuni kech soat 11:30 da kimdir Armani va hamkasbi Piter Subolski ketayotgan mashina ichiga noma’lum moslamani uloqtirdi.

“Subolski va moslamaga qaradim. Uning chiroqlari yonib, shovqin chiqara boshladi. Bomba, dedi sherigim. Atrofga qarab, birinchi ko’rganim mashinam oldidagi ikkita yosh bola bo’ldi. Chap tomonda esa ko’plab odamlar bor edi”, - deya xotirlaydi Armani.

U darhol mashinasini odamlar yo’q joyga olib borib, moslamani ko’chaga uloqtirdi va maxsus guruhni yordamga chaqirdi.

“Bu payt men musulmonning hayotini saqlayapmanmi, nasoro, katolik yoki yahudiymi, bu haqda o’ylamadim. Maqsadim odam hayotini saqlash edi. O’z jonimni fido qilishga tayyor edim”, - deydi u.

Nyu-York shahar politsiyasi rasmiysi Karlos Nieves serjant Armani va uning hamkorini qahramonlar deya olqishladi.

“Serjant Armani va uning sherigi qilgan ish juda ajoyib. Ular o’zlarini o’ylamadi. Haqiqiy bombadek ko’ringan narsani deb o’z hayotlarini xavf ostiga qo’ydi. Maydondagi ko’plab odamlar hayotini saqlab qolishga urindi”, - deydi u.

Politsiya moslamani tashlagan odamni topib hibsga oldi. Bomba esa yaroqsiz bo’lib chiqdi. Lekin Armani va uning sherigi amalga oshirgan qahramonlik haqiqiy.