Obamaning prezidentlik faoliyati: Va'dasida turgan rahbar

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Ogayoda talabalar bilan uchrashmoqda, Kolumbus shahri, 21-avgust, 2012-yil.

Barak Obama Demokratlar partiyasining Shimoliy Karolinadagi qurultoyida ikkinchi to’rt yillik muddatga yagona nomzod sifatida rasman tasdiqlanadi.

"Obama ikkinchi bor saylanishga loyiqmi"? "Saylovchilarga bergan qaysi va'dalarining ustidan chiqa oldi"? Mana shu savollarga aniq javob topgan saylovchi 6-noyabr kuni kimga ovoz berishini yaxshi biladi.

Barak Obama 2008-yilda g’alabaga erishib, Amerikaning 44-prezidenti sifatida tarixga kirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Barak Obamaning to'rt yillik faoliyatiga nazar/Odil Ruzaliev



Obamani yana bir bor nomzodlikka tayinlagan qurultoyda ko’zga ko’ringan demokrat arboblar xalqning iqtisodiyotdan noroziligiga urg’u bermoqda.

To’rt yil oldin “Ha, qodirmiz” degan shior bu safar “O’zgarishlarga ishonamiz” shioriga almashdi.

Prezident Obama Oq uyga kelganidan beri iqtisodiyot bir oz o’nglandi, biroq ko’plar kutganidek emas. Ayrim siyosiy tahlilchilar nazarida Obama saylov kampaniyasini olib borish va davlatni boshqarish o’rtasidagi farqning katta ekanini so’nggi to’rt yilda tushunib yetdi.

Amerika universiteti qoshidagi Ayollar va siyosat instituti rahbari Jennifer Lolesning aytishicha, Obama ilk kampaniya paytida va’dalar berganida Vashingtondagi siyosatchilar o’rtasida yakdillik bo’ladi, deya umid qilgan edi.

"Muxolifatdan Jon Beyner Vakillar Palatasida spikerlikka saylangandan so’ng prezident respublikachilarning asosiy maqsadi uning rejalariga to’g’anoq bo’lish ekanini tushundi", - deydi Jeniffer Loles.

Masalan, AQShda tug’ilgan noqonuniy muhojirlar farzandlariga fuqarolik berishni ko’zlagan “Orzu” deb nomlangan qonunni olaylik. Prezident rejani yoqlab chiqdi, ammo hujjat Kongressdan o’tmadi.

Iyun oyida Obama qonun loyihasi talablariga javob beruvchi yosh muhojirlarni mamlakatdan deportatsiya qilish amaliyotiga vaqtinchalik chek qo’ydi.

Biroq shu bilan birga Obama ma’muriyati AQSh tarixida noqonuniy immigrantlarni eng ko’p deportatsiya qilgan hukumat sifatida tarixga kirdi.

Prezident Obama saylov kampaniyasi paytida sog’liqni saqlash tizimini isloh qilishga bergan va’dasining ustidan chiqdi, biroq respublikachilar noroziligi bois hujjat Oliy sudga oshirildi. Oxir-oqibat qonun tasdiqlandi.

Prezident 787 milliard dollarlik iqtisodiy rag’bat dasturi hamda “General Motors” va “Chrysler” avtomobilsozlik kompaniyalariga kreditda qattiq turib, Kongress tasdig’idan o’tkazishga muvaffaq bo’ldi.

2001-yil 11-sentabr xurujlarini rejalaganlikda ayblangan Osama bin Laden Obama prezidentligi paytida Pokistonda maxsus operatsiya natijasida yo’q qilindi.

Prezident boshqa va’dalarining ustidan ham chiqishga muvaffaq bo’ldi. Iroqdan qo’shinlarni olib chiqdi. Rossiya bilan qurollar nazoratiga doir yangi bitim imzolandi. Barak Obama prezidentlikka saylangan ilk qora tanli bo’libgina qolmay, ayni jins vakillari o’rtasidagi nikohni yoqlab chiqqan birinchi prezident ham bo’ldi.

Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Obama ko’pchilikka yoqadi, biroq iqtisodiy muammolarni yechishga kelganda saylovchilar uning raqibi Mitt Romnini layoqatliroq deb hisoblaydi.

Tarjimai holiga to’xtaydigan bo’lsak, Barak Obama 1961-yil Gavayi shtatida tug’ilgan. Rafiqasi Mishel unga saylov kampaniyasida yaqindan yordam bermoqda. Prezidentning ikki qizi bor – Maliya va Sasha.

Saylovlarda vitse-prezident Jo Bayden yana unga sherik bo’ladi. 2008-yilgacha Senatga olti bor saylangan Bayden tashqi siyosat bobida katta mutaxassis hisoblanadi. Senatda Tashqi aloqalar qo’mitasini boshqargan.

Ertaga prezident Obama va vitse-prezident Bayden qurultoyda nutq so’zlaydi.