Obama immigratsiya tizimini o'zgartirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Omma prezidentni tinglamoqda

AQSh Prezidenti Barak Obama bugun xalqqa televideniye orqali murojaat qilib, immigratsiya islohotiga doir maqsadlarini tushuntirdi.

Kongressdagi respublikachilar uning rejasini tasdiqlamagach, davlat rahbari maxsus farmon bilan noqonuniy muhojirlarning deportatsiya qilinishiga to'siq qo'ymoqchi.

Farmon besh million shunday immigrantlarga ishlash uchun ruxsat olishga imkon beradi. Farzandlari Amerikada tug'ilgan va AQSh fuqarolari bilan turmush qurgan noqonuniy muhojirlar ham shular jumlasidan.

Prezident 2012-yilda imzolagan farmonini kengaytirib, Amerikaga bolaligida kelgan muhojirlarni ham himoyaga olmoqchi. Biroq ularning ota-onalari mamlakatiga deportatsiya qilinishi mumkin.

Qonun himoyasiga olingan hujjatsiz immigrantlar davlatdan imtiyoz va yordam hamda bepul tibbiy sug'urta ololmaydi.

Obama farmonni ertaga, juma kuni imzolashi kutilmoqda. Shu kuni u Las-Vegasda bo'ladi. Nevada shtatida ko'plab latinolar yashaydi.

Respublikachi qonunchilar prezidentning bu qarorini tanqid qilib, uni vakolatini suiiste'mol qilayotganlikda ayblamoqda. Vakillar palatasi spikeri Jon Beynerning aytishicha, Obamaning prezidentligi qonunga bo'lgan hurmatsizlik sifatida esda qoladi va kelajakda uning yangi Kongress bilan hamkorlik qilishiga umid yo'qolmoqda.

Respublikachilar AQSh-Meksika chegarasini mustahkamlashga chaqirmoqda. Oq uy matbuot kotibi Jon Ernestning muxbirlarga aytishicha, prezident Vakillar palatasining qonun loyihasi bo'yicha ovoz berishini bir yildan oshiq vaqt kutdi.