Obama prezidentlik qasamyodini keltirdi

  • Amerika Ovozi

AQShda prezident Obama ikkinchi muddat uchun qasamyod keltirdi

Vashingtonda tumonat odam Barak Obamaning qasamyod marosimini tomosha qildi.

Vashington markazida ertalabdan xavfsizlik choralari kuchaytirilgan edi. Kapitoliy atrofida, 1-2 kilometr radiusda transport qatnovi to’xtatildi. Odamlar Kongress binosi qarshisidagi xiyobonga to’plandi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qasamyod marosimidan bevosita reportaj


Your browser doesn’t support HTML5

Kundalik Eshittirish, 21-yanvar, 2013-yil


Prezident Obama bu yerdagi tantanali marosimda bugun qasamyod keltirdi. U ikkinchi muddatga kirishar ekan, shaharda dabdabali parad-namoyish o’tmoqda.

Inauguratsiyani tomosha qilaman deb mamlakatning turli burchaklaridan 800 ming odam oqib keldi.

Obama to’rt yil oldin endi ishga kirishganida, birinchi qora tanli rahbarni izlab salkam 2 million kishi jamul-jam bo’lgan edi.

19 daqiqalik nutqida Obama Amerika ahlini siyosiy tarqoqlik va kelishmovchilikni chetga surishga, davlat muammolarini birga yechishga chaqirdi.

“Absolyutizmni prinsipiallik, tomoshani siyosat, urushqoqlikni asosli bahs deyishimiz to’g’ri emas. Amaliy ishlarga o’taylik. Xatoga yo’l qo’ysak ham real ishlar qilaylik”, - dedi Obama.

“Mehnatdan qochmaslik, mas'uliyatni seza bilish, mushkul vaziyatda birga harakat qilib, erkimizni himoya qila olish - Amerika xalqining ajralmas fazilatlaridir”, - dedi u.

Prezident 2012-yilgi saylov oldi kampaniyasida yangragan shiorlarni eslatdi va o’rta qatlamni qo’llab-quvvatlash, jamiyatda yo’qsillar va boylar o’rtasida tafovutni kamaytirishga undadi.

“Sanoqli odamlar to’kin-sochin yashab, aksariyat aholi arang kun ko’raversa, yurtimiz taraqqiy etishi gumon ekini biz bilamiz. Amerika farovonligi o’rta qatlam ahli farovonligiga bevosita bog’liq ekani shubhasiz”, - dedi prezident.

Obama ijtimoiy yordam dasturlari, ta’lim imkoniyatlari, texnologiya va muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga undadi.

Qo’shma Shtatlar global iqlim isishi oqibatida yuzaga kelgan tahdidlarga ham javob berishi kerak, dedi u.

AQSh dunyoda yetakchi va ishonchli ittifoqchi maqomini saqlab qoladi va demokratiya tarqqiyoti uchun ishlashda davom etadi, dedi prezident.
Absolyutizmni prinsipiallik, tomoshani siyosat, urushqoqlikni asosli bahs deyishimiz to’g’ri emas. Amaliy ishlarga o’taylik. Xatoga yo’l qo’ysak ham real ishlar qilaylik.


“Osiyodan tortib Afrikagacha, Amerikadan Yaqin Sharqqacha demokratiyani qo’llab-quvvatlaymiz, chunki ozodlik uchun kurashayotgan insonlarni yoqlashdan biz birday manfaatdormiz va buni burch deb bilamiz”, - deydi AQSh rahbari.

U kecha rasman qasamyod keltirgan, chunki Konstitutsiyaga ko’ra, marosim 20-yanvarda o’tishi lozim. Oliy sud raisi Jon Roberts qasamyodni qabul qildi.

Bugun xalq ko’z oldida Barak Obama ikki injilga qo’lini qo’yib xolis xizmat qilishga va’da berdi.

Injildan biri XIX asrda prezident Avraam Linkolnniki bo’lgan, ikkinchisi fuqaro huquqlari uchun kurashgan faol Martin Lyuter Kingga qarashli edi, deydi olimlar.

Bugungi inauguratsiya marosimi Kingning tavallud ayyomiga to’g’ri kelib, bu kun mamlakatda rasman bayram, dam olish kuni sanaladi.

Tantanadan keyin Obama va uning rafiqasi Mishel paradda qatnashib, so’ng avtomobillar karvonida Oq uyga qaytdi.

To’rt yil oldin bo’lgani singari bu safar ham ular avtomobildan chiqib, xalq bilan ko’rishdi.

Kechroq shaharda inauguratsiya munosabati bilan bayram oqshomi, ikki bal bo'lib o'tdi.

Barak Obama ikkinchi muddatga kirishdi:

Barak Obama prezidentlik uchun ikkinchi bor qasamyod keltirdi


Your browser doesn’t support HTML5

Inauguratsiya va tenglik/US presidential inauguration, civil rights


Your browser doesn’t support HTML5

Amerika bugun qanday jamiyat? US presidential inauguration, diversity