Iroqqa piyoda askar yuborish rejamiz yo’q, deydi Obama

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama

AQSh prezidenti Barak Obama NBC telekompaniyasiga bergan intervyuda Islomiy Davlat jangarilariga qarshi kurash kampaniyasiga to’xtaldi.

Obama ertaga Kongress rahbarlari bilan uchrashib, masala yuzasidan gaplashadi. So’ng 11-sentabr xurujlarining 13 yilligi oldidan chorshanba kuni ma’ruza qilib, kampaniya xususida qarashlarini bildiradi.

Iroqqa piyoda askar yuborish rejamiz yo’q, deydi Obama.

"Xalqaro koalitsiya tarkibida Iroq va kurd qurolli kuchlariga madad sifatida jangarilarni havodan o’qqa tutishda davom etamiz, toki Islomiy Davlat qo’lga kiritgan hududlarni Iroq qaytib olsin", - deydi Obama.

Uning aytishicha, razvedka xizmatlari Amerika uchun jihodchilardan xavf mavjudligini tasdiqlagani yo’q.

"Bu guruhga Iroqda faoliyatini kengaytirib, salohiyatini oshirib, qurol va jangchilarini ko’paytirishga imkon bermaslik kerak. Jihodchilar safida yevropaliklar bor, ular esa Amerikaga bemalol kelib-ketishi mumkin. Uzoq muddatda bu AQSh xavfsizligi uchun jiddiy tahdiddir", - deydi Obama.

Ayrim qonunchilar prezidentdan Suriyada ham jangarilar pozitsiyalarini nishonga olishni so’ramoqda.