Barak Obama prezidentlik kutubxonasini ochadi

  • Amerika Ovozi

Sobiq prezident yaqinda kutubxona rejasini taqdim etdi

AQSh sobiq rahbari Barak Obama va uning rafiqasi Mishel Chikago shahrida bo’lajak kutubxona va muzey rejasini taqdim etdi. Odatda sobiq prezidentlar o'z siyosiy merosini shu yo'l bilan targ'ib qiladi.

Inshoot bir necha zamonaviy imorat, kutubxona, muzey, marosimlar zali va bog’dan iborat bo’ladi. Muzeyda ko’rgazma zali, ijara uchun idoralar, ta’lim markazi va majlis uchun xonalar bo’ladi.

“Biz bu dargohda yoshlardan liderlarni tayyorlab, o’z jamiyatlarida, jamoalarida, mamlakatlarida va dunyoda o’zgarishlar qilishlarini istaymiz", - dedi Obama.

Yangi inshootni o’zida qabul qilishga Illinoys, Nyu-York va Gavayi shtatlari da’vogar edi. Obama Gavayida tug’ilgan bo’lsa-da, Chikagoda yashagan. Shuning uchun u prezident kutubxonasini Illinoysda qurishga qaror qildi.

"Chikagoning janubiy mahallasida hayotimning eng ajoyib lahzalari o’tgan. Eng yaqin do’stlarim shu yerda, davlat ishini ham Chikagoda boshlaganman. Mana shu mahallada olgan tarbiya va tajribamni o’z farzandlarimga berganman”, - deydi sobiq prezident.

Yangi majmuaning qurilishi to’rt yil davom etishi kutilmoqda.

AQShda sobiq prezidentlar lavozimidan ketganidan so'ng jamoatchilik ishlari bilan shug'ullanadi, kutubxona, muzeylar tashkil qiladi. Masalan, Atlanta shahrida Karter markazi bor, Xyustonda esa Jorj Bush kutubxonasi, Nyu-Yorkda Klinton jamg'armasi faoliyat yuritadi.