Prezident Obama Xitoydan Myanmaga o'tdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obamani Myanma poytaxti Neypido xalqaro aeroportida kutib olishmoqda, 12-noyabr, 2014-yil

Prezident Barak Obama Osiyo bo'ylab safari doirasida bugun Xitoydan Myanmaga (sobiq Birma) o'tdi. Obama Sharqiy Osiyo mamlakatlari sammitida ishtirok etadi va Birma rahbarlari bilan bu yurtdagi siyosiy va iqtisodiy islohotlar xususida fikr almashadi, muxolifat yetakchilari bilan ko'rishadi. Anjumanda Xitoy, Rossiya, Yaponiya va Hindiston rahbarlari ham qatnashadi.

Bu tadbirdan oldin Myanmada Janubi-sharqiy Osiyo rahbarlari uchrashmoqda. 10 davlat a'zoligidagi ASEAN tashkilotining 25-sammitida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, Janubiy Xitoy dengizidagi taranglikka barham berish xususida gaplashiladi.

Birma Prezidenti Teyn Sheynning ochilish marosimida aytishicha, kelasi yili ASEAN hududida erkin savdo zonasi ishga tushadi.

"A'zo davlatlar integratsiyani kuchaytirib, davomiy taraqqiyotga intilib, iqtisodiy dinamikani ushlab turishi lozim. Bu qashshoqlikni kamaytirib, rivojlanishdagi bo'shliqning kamayishiga yordam beradi", - dedi mezbon mamlakat rahbari.

ASEAN Xitoy bilan Janubiy Xitoy dengizidagi bahslarni tinch yo'l bilan hal etish tarafdori. Tashkilot 10 yildan beri dengizdagi hulq-atvorni siyosatni tartibga soluvchi qoidalar majmuini ishlab chiqishga harakat qiladi, ammo Pekin masalani ko'p tomonlama muzokaralarda emas, balki ASEANga a'zo har bir mamlakat bilan alohida, ikki tomonlama tartibda muhokama qilish tarafdori.