Prezident Obama Eronni Navro'z bilan tabrikladi

  • Amerika Ovozi

Navro'z

AQSh prezidenti Barak Obama Eron xalqini Navro’z bayrami bilan tabrikladi. Obama islomiy respublika xalqi va rahbarlarini bu ayyom bilan qutlab, Eron bilan bog’liq siyosiy masalalarni ham chetlab o’tmadi.

http://www.youtube.com/embed/HfBIWh9soj8

Xususan, Obamaning aytishicha, agar Eron xalqaro majburiyatlarini buzmasa, AQSh bilan munosabatlari ijobiy tomonga o’zgarishi, Eron esa xalqaro hamjamiyatdagi qonuniy o’rniga qaytishi mumkin bo’ladi.

Eronda yangi saylangan prezident Hasan Ruhoniy saylov kampaniyasi davrida iqtisodiyotni kuchaytirishga, xalq hayotini yaxshilashga, xalqaro hamjamiyat bilan konstruktiv muloqotda bo’lishga va’da bergan edi, deydi AQSh rahbari.

Obama o’tgan yil kuzida prezident Ruhoniy bilan gaplashganini aytib, 1979-yildan beri o’zaro diplomatik aloqasi yo’q ikki davlat rahbari ilk bor muloqot qilganini ta’kidladi.

“Men unga ikki mamlakat orasidagi barcha jiddiy qarama-qarshiliklarga barham bera olishimizga, o’rtadagi ishonchsizlikni kamaytirishga, tariximizdagi bu og’ir palladan chiqa olishimizga qat’iyat bilan ishonishimni aytdim”.

Prezident Obamaning aytishicha, shundan beri Eronni yadro qurolini yaratish yo’lidan qaytarish bobida ijobiy qadamlar qo’yildi. Noyabrda o’tkazilgan muzokaralar natijasida erishilgan ilk bitimga ko’ra, AQSh va uning dunyodagi sheriklari Eronga qo’yilgan sanksiyalarni yumshatish evaziga Tehron atom dasturini cheklashga rozi bo’ldi.

“Hozir biz faol muzokaralar orqali dunyoning Eron yadro dasturi bilan bog’liq xavotirlariga barham berish uchun yakuniy yechim topishga umid qilyapmiz”, deydi Obama.

AQSh prezidenti bu ish oson bo’lmasligini aytadi, biroq diplomatiya natija berishiga ishonadi. Unga ko’ra, bu masala hal bo’lsa, Eronning boshqa mamlakatlar bilan savdo aloqalari kuchayadi, bu esa iqtisodiy qiyinchliklarni boshdan kechirayotgan Eronda ish o’rinlari yaratiladi, iqtisod ko’tariladi, eronlik talabalarning xorijda o’qishi uchun yo’l ochiladi, deydi Barak Obama.

(AQShning O’zbekistondagi elchisi Jorj Krolning Navro’z tabrigi bilan AQSh elchixonasi sahifasida tanishishingiz mumkin)