Obama va Romni saylov kampaniyasini kuchaytirgan

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obamaning saylovoldi kampaniyasi rasman 5-may kuni Ogayo va Virjiniyada saylovchilar bilan uchrashuvlardan boshlanadi. Biroq Obama va respublikachilar partiyasidan prezidentlikka asosiy nomzod deb ko’rilayotgan Mitt Romni orasida bellashuv allaqachon boshlanib ketgan.

Saylovlarga olti oy qoldi. Respublikachilar Barak Obamaning iqtisodiy siyosatini nishonga olmoqda.

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka asosiy nomzod rasman avgust oyida partiyaning yalpi yig’inida tanlanadi. Lekin bu rolga Massachussets sobiq gubernatori Mitt Romni loyiq deb topilishiga deyarli shubha yo’q.

Romni noyabr oyida Oq Uyga saylansa, iqtidosiy vaziyatni yaxshilay olishini ta’kidlamoqda:

“Orzu qiladiganlar kattaroq narsani orzu qilsin. Umidi puchga chiqqanlarga yana umid baxsh etamiz. Va bu safar ishning uddasidan chiqamiz!”

Ekspertlar fikricha, saylovchilar uchun eng muhimi - mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat. Fuqaro shundan kelib chiqib ovoz beradi.

Romni hukumat xarajatlarini kamaytirishni va’da qilmoqda. Obama esa hukumat iqtisodiy tiklanish garovi, deydi.

“Men va’dam ustidan chiqdim. Men siz deyman. Sizlarga ishonaman. Meni qo’llab-quvvatlasangiz, butun dunyoga Amerika yer yuzasidagi eng qudratli davlat ekanini eslatib qo’yamiz!”

Sobiq prezident Ronald Reygan bilan birga ishlagan Ken Dubershtayn saylovoldi jarayonini yaqindan kuzatmoqda.

U deydiki, Obama va Romnining saylovda yutish imkonlari deyarli bir xil.

“Agar bu saylov Obama prezidentligiga, Amerika iqtisodiga baho berish bilan barobar bo’lsa, Romnining g’alaba qozonish imkoni katta. Agar bu respublikachilar partiyasi va Romniga baho berish bo’lsa, prezident Obama qayta saylanadi deyish mumkin”.

O’tkazilgan so’rovlarga ko’ra, hozirda Obama uchun ovoz beraman deganlar ko’proq. Agarda kelasi oylarda saylovchilarning iqtisodiy vaziyatdan noroziligi kuchaysa, ular boshqa nomzodni afzal ko’rishi hech gap emas.