Obama va Romni iqtisodiyot bo'yicha tortishmoqda

  • Amerika Ovozi
Iqtisodiyot prezident Barak Obama va uning saylovlardagi bo’lajak raqibi, respublikachi raqibi Mitt Romni o’rtasidagi siyosiy kurashda asosiy masalaga aylangan.

Dushanba kuni Ogayo shtatiga tashrifi chog’ida Obama Romnini AQShda emas, balki xorijda ish joylarini yaratishni taklif qilayotgani uchun tanqid qildi.

Shtatda yaqinda o’tkazilgan so’rov natijalaridan shunisi ma’lumki, Obamaning reytingi Romninikidan 3-4 foizga baland.

Yaqinda Romni AQSh kompaniyalarining xorijiy mamlakatlarda olingan daromadini soliqqa solmaslikni taklif qilgan edi. Taklif amalga oshsa, xorijda 800 ming yangi ish o’rinlarini yaratiladi.

"Bizga chet elda ish joylarini yaratadigan yoki bunday qilgan kompaniyalarni soliqlardan ozod qiladigan prezident kerak emas. Men mana shu yerda, Ogayo shtatida ish o’rinlarini yaratayotgan kompaniyalarga soliq imtiyozlarini bermoqchiman. Amerika xalqiga sarmoya qilayotgan kompaniyalarga bu borada yengillik yaratmoqchiman. Amerikada ish joylari yaratilsin, Amerika mahsulotlari ishlab chiqarilsin, “Made in America” yozuvi bor mahsulotlar butun dunyoda sotilsin deyman".

Prezident, shuningdek, Romnining faqat so’nggi ikki yilda to’lagan soliq hajmini oshkor etishga rozi bo’lganini tanqid qilib, soliq to’lamaslik uchun boyliklarini boshqa mamlakatlardagi banklarga o’tkazganini ta’kidlamoqda.

Bunday ayblovlarga javoban Romni Obama iqtisodiy ahvolni yaxshilay olmayotgani sababli jamoatchilik diqqatini shunday yo’l bilan chetga tortayotganini aytdi va prezident mendan kechirim so’rashi kerak, dedi.

Romni, shuningdek, Obamani hukumat lavozimlariga tanishlarini tayinlayotganlikda aybladi.