Obama va Romni saylov kampaniyasidagi tanaffus tugadi

  • Amerika Ovozi

Ogayoning Kolumbus shahrida fuqarolar erta ovoz bermoqda, 30-oktabr, 2012-yil.

AQShda saylov kuni yaqinlashar ekan, “Sendi” dovuli sabab saylov kampaniyasini vaqtincha to’xtatgan prezident Obama bugun uni davom ettiradi.

Davlat rahbari Viskonsin, Nevada va Kolorado shtatlarida bo’lib, saylovchilar bilan uchrashadi. Uning respublikachi raqibi Mitt Romni ham to’fon tufayli kampaniyada tanaffus e’lon qilib, jabrdiydalar uchun xayriya to’plash bilan ovora bo’ldi.

Romni kampaniyasini kecha davom ettirib, Floridaga bordi, biroq tanqidlarida Obamani tilga olishdan o’zini tiydi.

"Bu yo’ldan ortiq yurolmaymiz. Yangi siyosatni tanlashimiz lozim. Bu dadil va agressiv siyosat bo’lmog’i lozim, chunki hozirgisi yaxshilikka yetaklamayapti", - dedi Romni.

Sobiq gubernator bugun Virjiniyada tashviqot qilmoqda.

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, ikki asosiy nomzodning imkoniyatlari deyarli teng. Ayrim shtatlarda, hatto Obamaning qo’li bir oz baland. Davlat rahbarining tabiiy ofat kunlaridagi faolligi va g’amxo’rligi unga qo’shimcha ovozlar yutishda yordam berishi mumkin.