Obama: Qatliomlar AQShda kundalik yangilik ekani sharmandalik

  • Amerika Ovozi

San Bernardino, Kaliforniya: Qatliom

2-dekabr kuni Kaliforniya shtatining San-Bernardino shahrida ikki odam nogironlarga xizmat ko'rsatuvchi nodavlat tashkilotga qarashli binoda o't ochib, 14 kishini o'ldirgan, 17 nafari yaralangan.

Shahar politsiyasi boshlig'i Jerrod Burguanning aytishicha, bu ishga ikki amerikalik musulmon qo'l urgan, er-xotin - 28 yoshli Said Faruk va 27 yoshli Tashfin Malik.

Prezident Barak Obama bunday voqealarning oldini olishga chaqirib, bu ishni yolg'iz huquq-tartibot organlariga tashlab qo'yish to'g'ri emas, deydi.

Qurol nazoratini kuchaytirish kerak, tizimni isloh qilish lozim, deydi Obama. Uning bu boradagi takliflarini Kongressda hukmron respublikachilar rad etib keladi.

"Qonunchilar bu masalada yechim taklif etishi kerak, toki keyingi gal odamlarga ziyon keltirish bu qadar oson bo'lmasin", - dedi Obama.

Amerika jamiyatida qatliomlar kundalik yangilik bo'lib qolgani fojia, bu reallikni o'zgartirish kerak, taraqqiy etgan davlat uchun bu sharmandalik, deydi prezident.

Faruk San-Bernardino tuman sog'liqni saqlash boshqarmasida ishlagan. Xodimlar boshqa bir binoda Rojdestvo bayramini nishonlayotgan bo'lgan.

Faruk tadbirdan g'azab bilan chiqqani, so'ng qo'lga qurol olib, rafiqasi bilan qaytgani aytiladi.

Otishmadan keyin er-xotin qochgan, ammo yo'lda politsiya bilan o'q almashib, ikkisi ham o'lgan, bir politsiyachi yaralangan.

Burguanning aytishicha, Faruk va Malik bu ishni oldindan rejalagan bo'lishi mumkin.

AQShda joriy yilda ommaviy qotilliklardan salkam 400 kishi nobud bo'lgan.