Obama: Dunyo qashshoqlik va tengsizlikka qarshi qattiqroq kurashishi kerak

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Obama: Qashshoqlik - samarasiz boshqaruv mahsuli

Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida dunyo bo'ylab qashshoqlikni tugatish mavzusiga ham alohida e'tibor qaratildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Obama qashshoqlik va jinsiy notenglikka qarshi, Navbahor Imamova

Taraqqiyot bo'yicha sammitda so'zlar ekan, Amerika rahbari Barak Obama xalqaro hamjamiyatni ogohlikka chaqirdi.

"Hozir dunyoda 800 million erkak, ayol va bolalar kuniga $1,25 ga yashaydi. Och qorin beradigan og'riqni tasavvur qilib ko'ring. Milliardlab odamlar oldini olish mumkin bo'lgan kasalliklardan halok bo'lish tahdidi ostida. Ko'plab bolalar bitta chivin chaqsa, o'ladigan holatda yuribdi. Bu vijdonni qiynaydigan ulkan adolatsizlik", - dedi Obama.

Dunyo yetakchilari qashshoqlikni tugatish, jinsiy tenglikka erishish hamda okean va atrof-muhitni himoyalash kabi 17 maqsadni ma'qullash uchun BMTga yig'ildi.

Obamaga ko'ra, agar boshqaruv bilan bog'liq muammolar hal qilinmasa, 2030-yilgacha ko'zlangan maqsadlarga erishish imkonsiz.

"Barchani birdek qamrab oluvchi iqtisodiy taraqqiyotga erishish hukumatlar va institutlar aholiga qanday munosabatda bo'lishiga bog'liq. Mas'uliyatni sezish, inson huquqlarini qadrlash va barchaga teng adolatli bo'lish muhim. Milliardlab pullarning kasalxonalar, maktablar va infratuzilmalar qurilishiga emas, xorijdagi banklarga qarab oqishiga sababchi korrupsiyani to'xtatish, qonun ustivorligi va oshkorlarikni ta'minlash kerak. Noqonuniy moliyani to'xtatish global chora bo'lishi kerak, chunki u taraqqiyotning beliga tepadi", - dedi Obama.

Daromad va ayol-erkak notengligi hatto AQSh taraqqiyotiga ham salbiy ta'sir ko'rsatayotgan muammo.

"Ko'p joylarda bolalarga qaraganda qizlar maktabga kam boradi. Global miqyosda erkaklarga qaraganda ayollarning ish topishi qiyinroq. Buni ilgari ham aytganman va yana aytaman: ayollarga munosabatning qanday ekani davlat qanchalik muvaffaqiyat qozonishini belgilaydi", - dedi AQSh rahbari.

Obama iqlim o'zgarishi solayotgan tahdidga ham e'tibor qaratdi. Dekabrda Parijda o'tadigan BMT konferensiyasida shu haqda global kelishuv imzolanishi kerak, dedi u.