Neft sohasida sarmoyalarning kamayishi sanoatga zarar keltirmoqda

  • Amerika Ovozi

Xalqaro energetika boshqarmasiga ko’ra, neft sohasiga global sarmoyalarning kamayishi oqibatida yonilg’i tanqisligi yuzaga kelishi mumkin. Neftdan tushayotgan daromadning so’nggi uch yilda kamayishi sarmoyalarning 20 foizga qisqarishiga olib keldi.

Tarixda ilk bor elektr sohasiga sarmoyalar neft va gaz sohasiga sarflangan sarmoyadan oshdi. Biroq “Energetika hisoboti” kitobi muallifi Fil Flinning aytishicha, bundan keyin ham shunday bo’lishi ma’lum emas.

“Kelasi bir necha yilda har bir haydovchi bittadan elektrda yuradigan mashina olsa ham neft va gaz iste’moli hali beri tushmaydi, aksincha, kelasi 10-25 yilda talab oshadi ham”, - deydi u.

Yangilanuvchi energiya manbalari keskin rivojlanayotganiga qaramay, yerdan qazib olinuvchi yoqilg’iga talab dunyoda 80 foizdan yuqoridir. Flinning aytishicha, bu vaqt o’tgan sari o’zgaradi, ammo shu tobda neft narxi tushgan sari rivojlanayotgan mamlakatlarda unga talab oshmoqda.

“Shu yil oxirigacha neft narxi bir barreliga osonlikcha 60 dollarga chiqishi kutilmoqda. Balki bundan-da yuqori”, - deydi ekspert.

Neft ishlab chiqaruvchi davlatlarni o’z ichiga olgan OPEK tashkiloti neft ishlab chiqarishni kuniga 1,8 million barrelga tushirganiga qaramay, qora oltin narxi joriy yilda 20 foizga tushdi.

“Bundan global iqtisodiyot rivojlanyaptimi yoki susaymoqdami bilish qiyin”, - deydi sarmoya kompaniyasi vakili Jeremi Betstoun Karr.

Tahlilchilarga ko’ra, neftga bo’lgan talabning dunyo bo’ylab tushishi va AQShda slanets neftini qazish kuchayishi natijasida bu sektorga sarmoya hozircha o’smay turadi.

Shu sababdan, deydi yana bir sarmoya kompaniyasi vakili Kit Bliss, xom neft narxi 45-55 dollar darajasidan ko’tarilmaydi.

Flin esa o’zgacha fikrda.

“2007-2008-yilgi moliyaviy inqirozdan oldingi manzaraga qarasak, neft bir barreliga 146 dollar turar edi va yanada yuqorilashi mumkin edi”, - deydi u.

Unga ko’ra, o’sha vaziyat yana takrorlanishi mumkin. Ana shunda ko’plab neft kompaniyalari o’z ahvolini ancha yaxshilab oladi.