AQSh Olimpiya jamoasi homiylari g'alabaga umid qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Reklama har bir sport musobaqasining muhim bir qismidir. Avgust oyida Rio-de-Janeyroda bo’ladigan Yozgi Olimpiya o’yinlari ham bundan mustasno emas. Har bir yirik kompaniya o’z mahsulotini milliardlab teletomoshabinlar oldida ko’z-ko’z qilgisi keladi, tashkilotchilar esa xarajatlarni qoplab, foyda ko’rishga intiladi.

Braziliyada siyosiy inqiroz, Zika virusining tarqalishi, suvlarning ifloslanishi, FIFA mutasaddilari bilan bog’liq korrupsiya tergovi Xalqaro Olimpiya qo’mitasini qiyin ahvolga solib qo’ydi – sportchilar salomatligini ta’minlagan holda avgust musobaqalaridan foyda bilan chiqish mumkinmi?

“Brendimiz va mahsulotlarimizga jiddiy e’tibor beramiz. Pul qanday sarflanishini bilamiz. Toza pul ishlashni istaymiz”, - deydi AQSh Olimpiya qo'mitasidan Liza Berd.

Nyu-Yorkda o’tgan sport biznesi anjumanida yirik kompaniyalar marketing rahbarlari muvaffaqiyatga erishish yo’llari xususida gapirdi.

2010-yilda Xalqaro Olimpiya qo’mitasi bilan shartnoma imzolagan “Procter & Gamble” Rio-de-Janeyro Olimpiadasida 10 rasmiy homiydan biri bo’ladi. Kompaniya unga 2010-yil Olimpiya o’yinlaridan beri muvaffaqiyat keltirgan “Rahmat, oyijon” reklama kampaniyasi yordamida mahsulot savdosini oshirib, dunyo bo’ylab xaridorlari safini kengaytirmoqchi.

Shirkat vakili Janet Fletcherning aytishicha, ko’p sonli tomoshabinlarga ega va har ikki yilda bir marta bo’ladigan Olimpiya o’yinlari kompaniyani ijodiy ishlashga ilhomlantiradi.

“Pampers” va “Gillette” mahsulotlari reklamalari yordamida bo’lajak sportchilar va Olimpiya orzusi moliyalanmoqda. Yirik musobaqalar ijodiy yondashuvga yo’l ochmoqda”, - deydi Fletcher.

AQSh Olimpiya terma jamoasining homiysi BMW kompaniyasi oltin medallarga umid qilmoqda. BMW ning Shimoliy Amerika bo’ylab marketing bo’limi vitse-prezidenti Trudi Xardi kompaniyani Amerika g’alabalari bilan bog’lashlarini istaydi. Odamlar joriy yilda nogiron sportchilar ishtirokida o’tadigan Paralimpiya o’yinlariga ham kattaroq e’tibor bersin, deydi u.

“Sog’lom sportchilarga ko’p diqqat qaratamiz. Nogironlarning har kungi ishlarini ko’rib esa ko’z o’rganib ketgan. Biroq ular yutuqlariga mustaqil ravishda erishayotganlarini payqashimizni istashadi”, - deydi kompaniya vakili.

Bu yili BMW tomonidan ishlangan nogiron aravachasi ilk bor poygada qo’llanadi va AQShning yengil atletikachilari jamoasida Paralimpiya o’yinlarida sinovdan o’tadi.