Olimpiadaning ilk oltin medali AQShniki, O'zbekistondan uch sportchi bellashmoqda

  • Amerika Ovozi

Seyj Kotsenburg, amerikalik sportchi, Sochi Olimpiadasining birinchi oltin medali egasi bo'ldi, 8-fevral, 2014

Kecha Sochida 2014-yilgi Qishki Olimpiya o’yinlari tantanali ochilib, dunyo sportchilari o’z davlatlari bayrog’i bilan stadionga kirib kelar ekan, O’zbekiston Rossiyaning 1-kanalida Tojikiston deb tanishtirildi.

Xatoga yo’l qo’ygan sharhlovchi Dmitriy Guberniev keyinroq kechirim so’ragan. O’zbekistonlik tomoshabinlar internetda ijtimoiy tarmoqlarda unga qarshi qizg’in kampaniya olib bordi.

Sochida O’zbekiston sharafini uch sportchi himoya qilmoqda. Misha Ge muz ustida nafis uchish bo’yicha, Kseniya Grigoryeva va Artyom Voronov esa tog’ chang’isida.

O’yinlarda birinchi oltin medal amerikalikka nasib etgan. Seig Kotsenburg erkaklar orasida sloupstayldagi snoubording, ya’ni tepaliklar osha maxsus vosita ustida uchish bo’yicha g’alaba qozongan.

Norvegiya va Gollandiya sportchilari bugungi musobaqalarda ustun kelib, qator medallarni qo’lga kiritgan.

Olimpiya tarixida eng qimmatga tushgan bu safargi tayyorgarlik Rossiyani o’z tarixi bilan faxrlanadigan va Vladimir Putin nazorati ostida kelajak tomon intilayotgan davlat qilib ko’rsatdi, deydi kechagi ochilish tantanasini tomosha qilgan xalqaro kuzatuvchilar.

Olimpiya tinchlikni targ’ib qiladi, inson qudratini namoyon etadi. Rossiya huquq va demokratiya bobida qanchalik tanqid qilinmasin, Sochi xavfli hududda joylashgan deya xavotir olmaylik, musobaqalar boshlanar ekan, dunyo ko’zi siyosatda emas, sportda. Dunyo axborot vositalari e’tiborni shunga qaratmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

"Amerika Ovozi" xabarlari, 8-fevral, 2014