Tinch okeani orollari forumida iqlim o'zgarishi asosiy masala

  • Amerika Ovozi
Janubiy Tinch okeanida joylashgan Kuk orollarida Tinch okeani orollari forumi boshlanmoqda. Iqlim o’zgarishi, savdo va mintaqaviy xavfsizlik – kun tartibidagi asosiy mavzular.

Forumda Tinch okeani janubida joylashgan 16 davlat ishtirok etadi. Shuningdek, dunyoning 41 mamlakati anjumanga o’z vakilini yubormoqda. Ular orasida Tinch okeanida ta’sirini oshirishga intilayotgan Xitoy, Rossiya va AQSh ham bor.

Your browser doesn’t support HTML5

Tinch okeani orollari yig'ini, Behzod Muhammadiy



Rasmiy Vashington tadbirga o’z vakili Davlat kotibasi Xillari Klintonni yuborishi mumkin. Yuqori lavozimli AQSh rasmiysining kelishi 1974-yil Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizavetaning mintaqaga uyushtirgan safaridan beri kuzatilayotgan eng katta diplomatik tashrifdir.

Forum so’zlovchisi Derek Foksning aytishicha, Tinch okeani orollariga qiziqish bildirayotgan davlatlar soni so’nggi yillarda ortib bormoqda.

“Xitoyning Tinch okeaniga qiziqishi juda katta. Shu sabab bo’lsa kerak, Amerika ham qiziqib qoldi. BMT, Jahon banki, Osiyo Taraqqiyoti banki va bu yerdan ancha uzoqda joylashgan davlatlar ham qiziqish bildirmoqda. Isroil va Tayvandan ham bu yerda delegatlar bor”, - deydi Foks.

Foksning aytishicha, yig’inda iqlim o’zgarishi, Tinch okeanidan foydalanish, yangi dengiz parkini qurish, suv chegaralari va xalqaro yordam masalalari muhokama etiladi.

Iqlim o’zgarishi bu hududda joylashgan mamlakatlar uchun eng dolzarb masala. Tuvalu oroli dengiz sathidan bor-yo’g’i 4,6 metr balandlikda joylashgan. So’nggi yillarda okeandagi suv oqimlari o’zgarib, orol sohillari yemirilib bormoqda.

Kuk orollaridan biri Manaxiki sobiq meri Kora Koraning aytishicha, bu yerda mahalliy aholi iqlim o’zgarishi nimaligini yaxshi biladi. Bu muammo migratsiya jarayonida o’zgarishlarga sabab bo’lmoqda, deydi u.

“Kichik orollarimizning ko’pi suv ostida qolib ketdi. 1997-yilda katta siklon yuz bergandan beri orol aholisi 580 tadan 260 taga tushib qoldi. Albatta, iqlim o’zgarishi e’tibor berilishi lozim bo’lgan katta muammodir”, - deydi u.

Tinch okeanidagi orollar aholisi uzoq yillardan beri bu yerdagi muammolarga hech kim e’tibor bermayotganidan shikoyat qiladi. Endi esa qudratli davlatlar bu mintaqaga qiziqish bildirar ekan, odamlar vaziyat o’zgarishiga umid qilmoqda.