Pokistondagi afg’on qochqinlar uyga qaytishni istamaydi

  • Amerika Ovozi
Joriy yilning oxirigacha Pokistonda yashayotgan 1,6 million afg’on qochqin vataniga qaytishi kerak. Biroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti o’tkazgan so’rov natijasiga ko’ra, qochqinlarning taqriban 80 foizi Afg’onistonga qaytgisi yo’q.

Your browser doesn’t support HTML5

Pokistondagi afg'on qochqinlar/Shohruh Hamro


Pokistonda istiqomat qilayotgan oilalar Afg’onistonga qaytishimiz uchun avvalo o’lkada tinchlik va xavfsizlik ta’minlanishi kerak, deydi. Boshqalar esa ishsizlik, imkoniyatsizlik, qolaversa, vatanda uyim yo’q, deb shikoyat qiladi.

Pokistonning shtatlar va mintaqalar bo’yicha vaziri Shavkat Ullaning tan olishicha, bu yerda o’nlab yil hayot kechirgan qochqinlarni Afg’onistonga qaytishga ko’ndirish oson ish emas.

“Pokistonda tug’ilib, 30-32 yil yashagan qochqinlar bor. Ular Afg’onistonga qaytish oldidan 100 marotaba o’ylab ko’radi”, - deydi vazir.

Tolibon harakati 1990-yillarda hokimiyatga kelgach, Pokiston millionlab qochqinlarga boshpana bergan. So’nggi 20 yil ichida ulardan qariyb to’rt millioni Afg’onistonga qaytdi.

BMTning qochqinlar agentligi Pokistondagi oilalarni chelak, sovun, adyol, naqd pul va chiptalar bilan ta’minlayapti. Joriy yilning o’zida 72 ming kishi Afg’onistonga qaytdi. Lekin rasman ro’yxatda olinganlar soni 1,6 million.

Shu yilning 31-dekabridan keyin ham Pokistonda qolayotgan qochqinlarga nima bo’ladi, hozircha ma’lum emas.

BMT xodimi Neyl Rayt hukumat bir reja ustida ishlayotgani, qochqinlarni ixtiyoriy ravishda vatanga yuborish bo’yicha hamkorlik davom etishini aytadi.

Xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni 2014-yilda tark etishi qochqinlar oqimini kuchaytirishi mumkinmi, degan savolga Neyl Rayt ehtiyot choralarni ko’rib qo’yamiz, deb javob beradi.

“Bu mavzuni hozir afg’on hukumati, xalqaro jamoatchilik va oddiy odamlar bilan muhokama qilayapmiz”.

Pokistondagi afg’on qochqinlarining katta qismi g’aribona hayot kechiradi. Ularning 80 foizga yaqini hech bir joyda ishlamaydi, bolalarining qariyb 75 foizi maktabga ham qatnamaydi.