Pokistonda portlash, asosan politsiyachilar o'lgan

  • Amerika Ovozi

Xaybar, Pokiston

Pokiston shimoli-g'arbida bugun bir kishi o'zini portlatib, kamida 12 odamni o'ldirgan. Jarohat olganlar bor.

O'lganlarning ko'pi xavfsizlik xizmati xodimlari edi, deydi rasmiylar. Tolibon hujumni sodir etganini aytmoqda.

Guvohlarning so'zlariga qaraganda, Peshovar shahri va notinch Xaybar tumani orasidagi tekshiruv punktiga bir motosiklchi kelib o'zini urgan.

O'lganlar orasida yirik ofitser va jurnalist bor ekani xabar qilinadi.

Xaybar tumani Pokiston va Afg'oniston o'rtasida muhim savdo hamda tranzit nuqtasi hisoblanadi.

Pokistonning bu qabilaviy hududi, shuningdek, mahalliy va ajnabiy jangarilarning ini deb ham tanilgan.

Biroq Pokiston rasmiylari oxirgi harbiy amaliyotlar natijasida Xaybarni jangarilardan tozalashga muvaffaq bo'ldik, deya ta'kidlab keladi.