Pokiston Afg'oniston hukumati vaTolibon orasida vositachilik qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Tolibon vakillari, Qatar

Pokiston rasmiylarining aytishicha, Xitoyda Afg’oniston va Tolibon vakillari o’rtasida yaqinda maxfiy so’zlashuvlar o’tgan. Uchrashuvlar tez orada yana boshlanishi kutilmoqda.

Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo’yicha Bosh vazir maslahatchisi Sartaj Aziz deydiki, Tolibon muzokara stoliga o’tirishini ta’minlash uchun Pokiston qo’lidan kelgan barcha chorani ko’ryapti. Lekin u uchrashuv tafsilotlari, jumladan uning qayerda o’tishi haqida ma’lumot bermadi.

Azizga ko’ra, Pokiston Afg’oniston bilan iliqlashgan munosabatlardan foydalanib, afg’on tinchlik jarayonini yanada jonlantirishga urinmoqda. Kelasi uch oy ichida bu muloqotlar samarasi ko’zga tashlana boshlaydi, dedi u.

Xitoyning Urumchi shahrida Tolibon vakillari bilan o’tgan oy bo’lib o’tgan ikki kunlik uchrashuvda Afg’onistonning Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Mas’um Stanekzay ishtirok etgan. Matbuot xabarlariga ko’ra, yig’inda ehtimoliy tinchlik kelishuviga erishish shartlari muhokama qilingan.

Yaqinda Pokiston Afg’oniston bilan terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirish masalasida yangi kelishuv imzolagan edi. Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani buning uchun Pokistonga sotilganlikda ayblanib, vatanida tanqidga uchradi va ayrimlar hatto kelishuvni bekor qilishga chaqirdi.

Azizning ta’kidlashicha, Pokiston Kobuldagi bunday noroziliklardan xavotirda emas, chunki bunday qarash ikki mamlakat yaqinligini ko’ra olmayotganlardan chiqmoqda va G’ani hukumati bilan yaqin munosabat bundan keyin ham davom etadi.

Pokiston rasmiylariga ko’ra, Afg’onistonda so’nggi paytlarda zo’ravonlikning yana avj olishi muloqot yo’lidagi eng katta to’siq bo’lmoqda.

Hukumat rasmiylarining “Amerika ovozi”ga aytishicha, isyonchilarning yangi avlodi tepaga chiqayotgani bois Pokistonning Tolibonga ta’sir kuchi ancha kamaygan. Islomobodga ko’ra, ko’plab Tolibon guruhlari siyosiy yetakchilardan mustaqil hakarat qilmoqda va shu bois ularni muzokara stoliga chorlash juda qiyin.

Sartaj Azizning aytishicha, hozir Afg’onistonda zo’ravonlikka qo'l urayotgan faqat Tolibon emas. “Islomiy davlat”ga moyil guruhlar, xususan, o’zbek va tojik jangarilari ham alohida muammo ekani aytiladi.