Quddusda falastinliklar Qurbon Hayitida Isroil politsiyasi bilan to'qnashdi

  • Amerika Ovozi

Iydul Adha yoki Qurbon hayitining birinchi kunida Quddusdagi al-Aqso masjidida falastinliklar Isroil politsiyasi bilan to'qnashib, 10 dan ziyod arab jarohat olgan.

Odatda musulmon bayramlarida al-Aqso yahudiy ziyoratchi va sayyohlar uchun yopiq bo'ladi, biroq bu yilgi Qurbon hayiti yahudiylarning Tisha be-av milliy motam kuni va ro'zasiga to'g'ri kelgan. Shu kun iudaizm ahli Quddusning ayni shu joyida birinchi va ikkinchi ibodatxonaning vayron qilinishini xotirlaydi.

Shu sabab bu safar al-Haram al-Sharif yahudiylar uchun yopilmadi va bundan g'azablangan falastinliklar politsiya bilan to'qnashdi. Namoyishchilar ko'zni yoshlantiruvchi gaz va rezinali o'qlar bilan qarshilandi.

Al-Aqso masjidi musulmonlar uchun Makkadagi al-Haram buyuk masjidi va Madinadagi Muhammad payg'ambar asos solgan Payg'ambar masjidi yoki al-Masjid an-Nabavidan keyin uchinchi muqaddas ziyoratgohdir.

Musulmonlarning Quddusdagi ziyoratgohlari Iordaniya qiroli himoyasida bo'lib, qirollik Isroilga bugungi voqealari bo'yicha norozilik bildirgan.

Shayx Yusuf Elbazning aytishicha, al-Aqso Isroil nazoratida bo'lmagani uchun yahudiy hukumatining harakatlarini nojo'ya deb ta'riflash mumkin.

Yahudiylarga al-Aqsoga kirishga ruxsat berilgani bilan u yerda ibodat qilishlari mumkin emas. Yahudiy ibodatlari odatda qadimgi rimliklar tomonidan vayron qilingan ikkinchi ibodatxona atrofidagi g'arbiy devor (Buroq devori) yonida kechadi.

Ayrim yahudiylar ibodatxona al-Aqso o'rnida tiklanishiga umid qiladi. Al-Haram al-Sharifga bugun 1700 dan ziyod yahudiy ziyoratchi qo'yilgan.