Dunyo "pandemiya charchog'i" bilan yuzlashmoqda

  • Amerika Ovozi

Shu onga qadar dunyo bo’ylab 55 milliondan ziyod odamda koronavirus aniqlangan. O’lganlar 1 million 300 mingdan oshdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 17-noyabr, 2020-yil

Ba’zi odamlarning pandemiya charchog’iga uchragani aytiladi - niqob taqishdan charchashgan, ijtimoiy masofaga rioya qilishdan charchashgan. Tibbiy xizmatchilar ham charchagan.

"Hozirgi holatning hamshiralar ruhiyatiga ta’siridan qattiq tashvishdamiz”, - deydi Xalqaro hamshiralar kengashidan Xovard Katton.

Bemorlar ba’zan hamshiralar va boshqa tibbiy xizmatchilar qo’lida o’lmoqda.

“Birovning ko’zingiz oldida hayotdan ketishiga guvoh bo’lish og’ir”, - deydi terapevt Nensi Robert.

Pandemiya boshlanganidan beri tibbiy xizmatchilarning ish soatlari uzaytirilgan. Hozir esa virus yangidan avj olmoqda.

Pandemiyaning keti ko’rinmas ekan, odamlar xavfsizlik choralariga rioya qilishda xushyorlikni yo’qotmoqda. Chunki vaqt o’tishi bilan odamda tahdid va stresslarga ko’nikma hosil bo’ladi, COVID-19 esa bundan unumli foydalanmoqda.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti hukumatlarni aholi yuzlashayotgan qiyinchiliklarni tan olishga chaqirmoqda.

“Pandemiya charchog’i hammaga ta’sir qilyapti. Odamlar oila a’zolari bilan ko’rishmaganidan charchagan. Ish uslubi o’zgardi, inson xulqi o’zgardi. Bunday sharoitda yana qancha yashashimizni bilmaymiz”, - deydi Illinoys sog’liqni saqlash boshqarmasidan Ngozi Ezika.

Vaksina chiqishiga oz vaqt qolarkan, mutaxassislar bo’shashmaslikka, kurashni davom ettirishga chaqirmoqda.

“Tayyor turishimiz kerak. Foydasini bilganimiz uchun noqulay ishlarni qilishga tayyor turishimiz kerak, chunki bu o’zimiz va biz qadrlaydigan insonlarni himoya qilishi mumkin”, - deydi Klivlend kasalxonasi psixologi Skott Bi.

Mutaxassislar qo’l yuvish kabi choralar odatga aylanishini tavsiya qilmoqda. Psixologlar karantin paytida tushkunlikka tushmaslik uchun inson ko’nglini ko’taradigan mashg’ulotlar bilan shug’ullanishni tavsiya qilmoqda.

“Sizni xursand qiladigan tasvir tushirilgan niqob taqish, ijtimoiy masofaga rioya qiluvchi yangi mashg’ulot topish, charchoqni yengish uchun miyani to’lqinlantiradigan biror yangi ish bilan shug’ullanish shular jumlasidan”, - deydi ekspert.