Parijda iqlim anjumani davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama anjumanda so'zlamoqda, Parij, 30-noyabr, 2015-yil

Oq uyning bildirishicha, Amerikaning 73 ta kompaniyasi iqlim o'zgarishiga qarshi kurashishga tayyor. Buning uchun shirkatlar atmosferaga zararli gazlar chiqarishni 50 foizga, ishlab chiqarishda suv iste'molini 80 foizgacha qisqartirib, yangilanadigan energiya manbalaridan 100 foiz foydalanishga o'tishi zarur.

Parijda shu hafta iqlim o'zgarishiga doir yirik xalqaro anjuman o'tkazilmoqda. Mezbon Fransiya Prezidenti Fransua Olland Fransiya Afrika davlatlari uchun kelasi to'rt yilda 2,1 milliard dollar ajratishini ma'lum qildi. Pul ko'mirdan voz kechib, buning o'rniga muqobil energiya manbalarini rivojlantirishda yordam berishga qaratiladi.

BMT homiyligida o'tayotgan anjumanda bir necha mamlakat rahbarlari o'rmonlarni muhofaza qilish va tiklashga qaratilgan harakat dasturini qabul qildi.

Kolumbiya Britaniya, Germaniya va Norvegiya yordamida yashil ishlab chiqarishga o'tmoqchi ekanini ma'lum qildi.

Prezident Obama davlat rahbarlarini bu borada imkon qadar ko'proq hissa qo'shishga chaqirdi. Ko'mir iste'molini kamaytirish hisobiga havo harorati ko'tarilishining oldini olish mumkin va AQSh bu borada katta yutuqlarga erishmoqda, dedi u.

Anjumandan asosiy maqsad havo haroratining ikki foizdan ko'pga oshmasligini ta'minlovchi choralar majmuiga kelishish. Aks holda, deydi mutaxassislar, dunyo fojiali oqibatlarga yuz tutadi.

Shu kungacha 183 mamlakat iqlim o'zgarishiga qarshi uzoq muddatli rejalarini e'lon qilgan. So'nggi bor bu kabi anjuman 2009-yilda Kopengagenda o'tkazilgan, biroq boy va kambag'al davlatlar o'rtasidagi kelishmovchiliklar bitim qabul qilinishiga halaqit berdi.