Yakshanba kuni Fransiyada parlament saylovlarining birinchi bosqichi bo’lib o’tdi. Aprel oyida prezident saylovlarida g’alaba qozongan Emmanuel Makron parlamentdagi hukmronligini ham saqlab qolishga intilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Xalqaro hayot - 13-iyun, 2022-yil
6000 dan ziyod nomzod Milliy Majlisdagi 577 ta o’rin uchun bellashmoqda. Nomzodlarning eng yoshi 18 da, eng keksasi 92 yoshda. Birinchi bosqichda eng ko’p ovoz to’plagan nomzodlar 19-iyunda deputatlik mandati uchun kurashni ikkinchi pallada davom ettiradi.
Makronning "Ensemble" sentrist koalitsiyasi parlamentda mutlaq ko’pchilikni qo’lga kiritishga umid qilmoqda. Shundagina u soliqlarni kamaytirish va nafaqa yoshini 62 dan 65 ga ko’tarish kabi saylovoldi va’dalarini bajarishga muvaffaq bo’ladi.
Biroq birinchi bosqich yakuniga ko’ra, 25,75 foiz ovoz to'plagan hukmron koalitsiya Jan-Lyuk Melanshon boshchiligidagi so’lchilar (25,66%) bilan deyarli teng ovoz to’plagan. Parlamentda sakkizta o’ringa ega Marin Le Penning millatchi “Milliy uyushma” partiyasi marraga uchinchi (18,7%) bo’lib keldi.
Melanshon koalitsiyasiga so’lchilar, kommunistlar va yashillar qo’shilgan. Ular minimal maoshni oshirishni, nafaqa yoshini 60 ga tushirishni, yoqilg’i narxlarini bir maromda ushlab turishni va’da qilyapti.
Le Pen partiyasi kamida 15 ta o’rinni qo’lga kiritsa, parlament guruhini tuzib, qo’shimcha vakolatga ega bo’ladi.