AQShda Peru sobiq prezidenti hibsga olindi

  • Amerika Ovozi

AQSh rasmiylari Peru sudi qaroriga muvofiq bu mamlakat sobiq prezidenti Alexandro Toledoni Kaliforniya shtatida hibsga oldi. AQSh Adliya vazirligiga ko’ra, sud uni Peruga chiqarish masalasini shu hafta ko’rib chiqadi. Toledo Stenford universitetida muallimlik qilayotgan edi.

“Peru hukumati Amerika sudiga ekstraditsiya masalasini hal qilish uchun huquqshunosini yo’llagan”, - deydi Peru Adliya vaziri Visente Zeballos.

Toledo Braziliyaga qarashli qurilish kompaniyasiga davlat kontraktini berish evaziga 20 million dollar miqdorda pora olganlikda ayblanmoqda. Kompaniya Peru va Braziliya o’rtasida trassa qurishi kerak edi.

Korrupsiya bo’yicha tergov o’tgan yili qo’zg’atilib, Peruning yana ikki sobiq prezidenti Pedro Pablo Kuchinski va Alan Garsiya ham poraxo’rlikda ayblangan edi. Garsiya aprel oyida politsiya uni hibsga olish uchun uyiga borganida o’z joniga qasd qildi, Kuchinski esa yurak jarrohligidan so’ng uy qamog’ida saqlanmoqda.

Toledo Peruni 2001-2006-yillarda boshqargan, barcha ayblovlarni inkor etmoqda.