Peru prezidenti impichment ehtimoli bilan yuzlashmoqda

  • Amerika Ovozi

Peru Prezidenti Martin Viskarra

Peruda muxolifat nazoratidagi parlament Prezident Martin Viskarraga qarshi impichment jarayonini boshlashga ovoz berdi. U axloqiy qobiliyatsizlikda ayblanmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 15-sentabr, 2020-yil

Qonunchilar davlat rahbarini bir qo’shiqchini ma’ruzalar qilish uchun yollashga yordam berganlikda ayblamoqda. Madaniyat vazirligi Richard Sisneros ismli xonandaga xizmati uchun 50 ming dollar to’lagan. Prezident Viskarra yordamchilari bilan muloqot paytida uning bu ishga aralashganini sir tutishni so’ragan, biroq kimdir muloqotni yozib olib, audioni jamoatchilikka tarqatgan.

2018-yilda sobiq prezident Pedro Kuchinski korrupsiyada ayblanib, iste’foga chiqqanidan so’ng uning birinchi o’rinbosari Viskarra prezidentlikni qabul qildi.

Muxolifatning Viskarraga qarshiligiga qaramay, prezidentning xalq orasida obro’si baland. So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, peruliklarning 60 foizi uni qo’llab-quvvatlamoqda, parlament ishini esa atigi 32 foizi ma’qullaydi.

Viskarra hokimiyatga kelishi bilan korrupsiyaga qarshi kurashga bel bog’ladi. Xususan, u xususiy shaxslar va shirkatlarga siyosiy partiyalarni moliyalashni, deputatlarga esa qayta saylanishni taqiqlovchi konstitutsion referendum o’tkazdi.

Vazirlar mahkamasi Konstitutsion tribunalga murojaat qilib, impichment jarayoniga qarshi ekanini bildirdi.

Korrupsiyaga qarshi qonun loyihasini imzolagan Viskarraning aytishicha, uning raqiblari pandemiya paytida faoliyatidan chalg’itishga harakat qilmoqda.

Prezident yordamchilaridan birini xiyonatda ayblab, xalqqa televideniye orqali qilgan murojaatida ushbu siyosiy mashmasha uchun uzr so’radi.

Peru adliya tizimining hukumatdan mustaqilligi tufayli hayotdagi deyarli barcha sobiq davlat rahbarlari korrupsiyaga aloqadorlikda ayblanib lavozimidan ayrilgan.