General Deyvid Petreus jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Iste'fodagi to'rt yulduzli general Petreus ikki yil oldin oilasidan chetda adiba Pola Broadvell bilan don olishib yurgani haqidagi xabarlar tarqalib, razvedka rahbari lavozimidan ketgan edi.

AQSh Markaziy razvedka agentligi sobiq rahbari Deyvid Petreus maxfiy ma'lumotni ma'shuqasiga oshkor qilganlik gumoni bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Federal tergovchilar va prokurorlar shunday tavsiya bilan chiqmoqda, deya yozadi "Nyu-York Tayms" gazetasi.

Iste'fodagi to'rt yulduzli general Petreus ikki yil oldin oilasidan chetda adiba Pola Broadvell bilan don olishib yurgani haqidagi xabarlar tarqalib, razvedka rahbari lavozimidan ketgan edi.

General Petreusga qarshi jinoiy ayblovni olg'a surish-surmaslik qarorini Adliya vaziri Erik Xolder qabul qiladi. Petreus maxfiy axborotni oshkor qilgan emasman, deb keladi.

Biroq Federal qidiruv boshqarmasi Petreus ishdan ketganidan keyin Broadvellning kompyuterini tekshirib, maxfiy hujjatlarni topgan.

"Nyu-York Tayms"ning yozishicha, generalning ishi yuzasidan qaror qabul qilish cho'zilib ketgani huquq-tartibot va adliya idoralari rasmiylarining e'tiroziga sabab bo'lmoqda.

Gazetaning yoritishicha, Adliya vaziri Xolder jurnalistlarga nozik axborotni ulashgan rasmiylarni qattiq jazolayotgan bir paytda general Petreusga munosib qat'iy chora ko'rilmagan.