"Pfayzer" va "Moderna" AQShni avgustgacha 300 million doza vaksina bilan ta'minlamoqchi

  • Amerika Ovozi

Koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarayotgan farmatsevtika kompaniyalariga qarashli qo’shimcha zavodlar ishga tushishi bilan AQSh aholisi iyul oxirigacha vaksina bilan deyarli to’liq ta’minlanishi mumkin.

Ta’minot shu kungacha sust edi, biroq “Pfayzer” va “Moderna” kompaniyalari rahbarlari Kongressda hisobot berib, ta’minotni kuchaytirishga so’z berdi.

"Ko’proq odamlarni tezroq emlash kerakligini anglagan holda ishlab chiqarishni kuchaytirishga zo’r beryapmiz”, - dedi “Pfayzer” tijoriy direktori Jon Yang.

Unga ko’ra, ishlab chiqarish liniyalari ko’paygan.

"Fevral boshida haftasiga 4-5 million doza vaksina ishlab chiqarardik, biroq mart o’rtasiga borib samaradorligimiz haftasiga 13 million dozadan oshadi”, - dedi Yang.

“Moderna” prezidenti Stiven Xougning qonunchilarga aytishicha, uning kompaniyasi ham ishlab chiqarishni kuchaytirgan.

"2020-yil oxiridan beri oylik ta’minotni ikki karra ko’paytirdik. Oylik samaradorlikni yanada kuchaytirib, 40 million dozadan oshirmoqchimiz”, - dedi u.

Iyul oxiriga borib, har ikki kompaniya birgalikda AQShni 600 million doza bilan ta’minlamoqchi. Bu 300 million odamni emlashga yetadi. Yaqin kunlarda “Jonson va Jonson” kompaniyasining ham vaksinasi tasdiqdan o’tishi kutilmoqda. Boshqa vaksinalardan farqli o’laroq, emlanish uchun uning bir dozasi kifoya, bu kompaniya vaksinasini o’ta past haroratda saqlash shart emas, koronavirusga qarshi samaradorligi 85 foiz atrofida.

Bu boshqa vaksinalarnikiga qaraganda kamroq bo’lsa-da, baribir yaxshi, deydi Jons Xopkins universitetidan mutaxassis Uilyam Moss.

"Agar faqat bitta doza bilan ish bitsa va vaksinani oddiy sovutgich darajasidagi haroratda saqlash mumkin bo’lsa, ko’plab mamlakatlar uchun bu qulaydir”, - deydi u.

“Jonson va Jonson” vaksinasining taqdiri 26-fevral kuni bo’ladigan tinglovda hal bo’ladi.

Farmatsevtika kompaniyalari g’amini ancha oldin yegan boy davlatlar buyurtmalarini bajarish bilan ovora ekan, ko’plab boshqa mamlakatlar navbatda kutishga majbur.

"Kam daromadli mamlakatlar vaksinani yil oxiriga borib yoki 2022-yilda oladi deb o’ylayman”, - deydi Xalqaro qutqaruv qo’mitasidan Mesfin Tessema.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining kam daromadli davlatlarni vaksina bilan ta’minlashga qaratilgan “KOVAKS” dasturi uchun “Pfayzer” 40 million doza, “Jonson va Jonson” 100 million doza vaksina sotgan. “AstraZeneka” ham hissa qo’shishini bildirgan. Biroq dunyodagi 7,8 milliard aholini emlash uchun bundan ancha ko’p vaksina kerak bo’ladi.