Amerika bo'ylab Dakota quvuriga qarshi namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Hindular mazkur loyiha ular yashaydigan hududda ichimlik suvini ifloslashi mumkin, deya bong urayapti.

Amerikaning bir necha shtatida fuqarolar namoyish qilib, Shimoliy Dakotada hindular uchun muqaddas yerda rejalangan neft quvuriga qarshi chiqmoqda. Prezidentlikka da'vogar asosiy ikki partiyadan nomzodlar bu masalada aniq fikr bildirganicha yo'q.

O'ttiz shtatda Dakota quvuriga qarshi namoyishlar o'tdi. Joriy hafta namoyishchilar poytaxtga ham yetib keldi. Hozirda Kongressda neft sanoatini qo'llab-quvvatlagan respublikachilar ustun ekan, hindular oxirgi umidimiz Prezident Barak Obamadan, deydi. Oq uy yonida yig'ilgan faollar prezidentga murojaat qildi.

"Neft quvuri yorilgan taqdirda bundan faqat mahalliy aholi ziyon ko'radi, deb o'ylashayapti. Yo'q, aslo. Tabiiy ofat Meksika ko'rfazi va qo'shnilarni qamrashi aniq. Shuni o'ylab namoyishga chiqdik".

Qariyb ikki ming kilometrlik yerosti quvuri xom neftni Shimoliy Dakotadan Illinoysga eltadi. To'rt shtatni kesib o'tadi bu quvur. Tarafdorlarning aytishicha, loyiha Amerikaning energetik mustaqilligini ta'minlaydi, minglab ish joylari yaratadi. Ekologiyaga ziyon qilmaydi. Biroq bunga hamma ham ishonmayapti.

Yashillar partiyasidan prezidentlikka nomzod Jill Steyn Shimoliy Dakotaga borib vaziyatni kuzatdi. Bu yerda bir necha faol qurilishga halaqit bergani uchun qamoqqa olingan edi.

"Aslida Dakota quvurini qurishga ruxsat bergan odamlarni qamash kerak. Prezident Obama loyihani to'xtatsin", - deydi u.

Bunga javoban Adliya vazirligi federal yer hisoblangan bu manzilda qurilishni vaqtincha to'xtatishni buyurdi. Hindular mazkur loyiha hududda ichimlik suvini ifloslashi mumkin, deya bong urayapti.

Quvur atrofidagi mojaro mamlakatda tub muammo - hindular taqdiriga e'tiborni qaratdi. Tub aholi ularning haqlari oyoqosti qilinayotganidan shikoyat qilib keladi.