AQSh davlat kotibi Isroil va arab davlatlariga tashrif buyurmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu

Bugun AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Quddusda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashdi.

Pompeoning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Birlashgan Arab Amirliklariga qurol sotayotganda Isroilning Yaqin Sharqdagi harbiy ustunligini saqlab qolishni kafolatlaydi.

Isroil AQSh vositachiligida amirliklar bilan aloqa o’rnatishi ketidan Pompeo Isroil-arab tinchlik harakatlarini davom ettirish, Eronga qarshi koalitsiya tuzish maqsadida Sudan, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahraynda ham bo’ladi.

Isroil AQSh amirliklarga F-35 ilg’or qiruvchi samolyotlarini sotish rejasidan xavotirda. Biroq Pompeoning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Eron tahdidlariga qarshi turish uchun amirliklarga 20 yildan ortiq vaqtdan beri qurol sotib keladi, bu galgi kelishuv ham ana shu hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda.

AQSh davlat kotibi boshqa arab davlatlari ham BAA dan o'rnak olib, Isroil bilan aloqa o'rnatishiga umid bildirdi. Bu esa, dedi u, o'z navbatida mintaqa xavfsizligini kuchaytirib, aholi turmushini yaxshilashga yordam beradi.

Benyamin Netanyaxu Tramp ma'muriyatining Eronga qarshi sanksiyalarni tiklash harakatlarini olqishladi.

BAAning Isroil bilan kelishuvini tanqidga olgan Falastin rasmiylari Pompeoning arab davlatlariga tashirifi Falastin-Isroil tinchlik jarayoniga turtki berishiga shubha bildirdi. Ular, shuningdek, Prezident Tramp Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olishi natijasida Falastin muxtoriyati AQShga e'lon qilgan boykot bekor etilmasligini ham aytdi.