Pandemiyadan so'ng demokratik jarayonlarga nima bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida dunyo bo’ylab hukumatlar fuqarolarining harakatlanish erkinligini ilk bor mislsiz ravishda cheklamoqda. Odatda bunday jarayonlarni keskin tanqid qiladigan “Human Rights Watch” tashkiloti bu choralar ko’p hollarda COVID-19 kasalligini yengish uchun zarur, demoqda.

“Ammo afsuski, bu virusni bahona qilib, tanqidchilarini ta’qib etayotgan, hokimiyatni yanada kuchaytirayotgan hukumatlar ham bor”, - deydi inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi tashkilot ijrochi direktori Kennet Ros.

Koronavirus ilk tarqalgan Xitoyning Uxan shahrida shifokorlar dunyoni yangi kasallik xavfi haqida boxabar qilmoqchi bo’lgan.

“Xitoy hukumati ularning ogohlantirishlariga quloq tutish o’rniga ovozlarini o’chirishga harakat qildi. Natijada virus uch hafta nazoratsiz qoldi va dunyo bo’ylab tarqalib ketdi”, - deydi Ros.

Shundan keyin hokimiyatni nazorat qilish mexanizmlari ko’p mamlakatlarda ishdan chiqdi, deydi BMT maxsus ma’ruzachisi Anyes Kalamar.

“Sudlar vakolati susaydi, parlamentlar ham favqulodda vaziyatda zaiflashdi”, - deydi u.

Vengriyada Bosh vazir Viktor Orban mart oyida muddatsiz favqulodda vaziyat joriy etdi.

“Bu degani u endi parlament nazoratisiz farmonlar orqali boshqaradi, saylovlar ham qoldirildi”, - deydi Kennet Ros.

Ko’plab mamlakatlarda ko’cha namoyishlari man qilindi.

“Jazoirda harbiylar boshliq hukumat haqida o’ylasangiz, yoki Rossiyada Putin, Livan, Iroq, Hindistonda Modi hukumatlarini oladigan bo’lsak, ular pandemiyagacha norozilik namoyishlari bilan yuzlashayotgan edi. Hozircha bu namoyishlarni to’xtatib turgan yaxshi. Hamma buni anglab yetyapti. Ammo hukumatlar uyushish erkinligini cheklovchi qoidalarni yana qancha ushlab turarkan?” – deydi “Human Rights Watch” rahbarlaridan biri.

Karantinni nazorat qilish uchun politsiyaga qo’shimcha vakolatlar berilgan. Natijada Keniyada posbonlar 13 yashar bolani bexosdan otib o’ldirishdi. Keyp-Taunda esa o’nlab migrantlar cherkovdan haydab chiqarildi. Hindistonda politsiya ishchi migrantlarga dezinfeksiyalash spreyini sepayotgani tasvirlangan video tarqaldi.

“Ko’plab odamlarning hayotini saqlab qilish shiori bilan himoyalanmagan guruhlar katta tahdidga yuz tutmoqda. Bunday vaziyatlarda politsiya vakolatini suiiste’mol qilishi mumkinligini tarixdan yaxshi bilamiz”, - deydi BMTning Inson huquqlari kengashidan Anyes Kalamar.

Kennet Ros AQShda 2001-yil 11-sentabr voqealarini misol tariqasida keltiradi.

“O’shanda ham odamlar vahimada edi, hukumatlardan ularni himoya qilishni so’ragan, ammo natijada ko’p hukumatlar buning o’rniga turli favqulodda vakolatlarni ishga soldi va bu vakolatlarni bekor qilish uchun ancha vaqt ketdi”, - deydi u.

Hozircha erkinliklarning cheklanishi COVID-19 ga qarshi kurash uchun zarur qurol sifatida ko’rilmoqda. Ammo bu cheklovlar kasallikdan ham uzoqroq saqlanib qoladi degan xavotir mavjud.