Tarixiy buyumlarni saqlab qolish loyihasi

  • Amerika Ovozi

Tikish-bichish, to’qimachilik o’tmish va bugunni bog’larkan, bir guruh ko’ngillilar vaqti va mehnatini ayamay eski kiyim-kechaklarni saqlab qolish, kelajak avlodga yetkazishga bel bog’lagan.

Kiyim-kechaklarda Xarford grafligining o’tmishi aks etgan chizmalar to’qilgan.

"O’tmishda odamlarning qanday kiyingani, buning ma'nosi jamiyatimiz tarixining bir bo’lagidir. Bu tarixiy hujjatlar kabi muhimdir”, - deydi Xarford grafligi jamiyat tarixi uyushmasidan Betsi Leyman.

Merilend shtatida faoliyat yurituvchi bu tashkilot "Chevarchilik loyihasi"ga qo'l urdi. Avloddan-avlodga o’tib kelayotgan kiyim-kechaklarni mahalla ahli ehson qilmoqda. Ko'ngillilar esa ularni saralamoqda.

“Kiyimga kuya tushmaganmikan deb yaxshilab qaraymiz, ba'zilariga yamoq solish, tiklashga to'g'ri keladi”, - deydi Betsi Leyman.

Sabr, xohish va sinchkovlik bilan ishlayotgan ko’ngillilar buyumlar saqlayotgan sirlarni, mahalliy tarixni kashf etishmoqda.

“Ma'lumotlarni internetdan qidiramiz, ba'zida kitoblarga murojaat qilamiz. Aniqlik kiritmoqchi bo’lsak, vaqt va biroz mablag’ sarflab, mutaxassislarni yollaymiz”, - deydi Leyman.

Kiyim-kechaklar XVIII asr oxiri, XIX asr boshlaridan tortib, to 1970-yillargacha kiyilgan.

“1969-yilda kelinlar kiygan libos bu. Kengashimiz a’zolaridan biriniki”, - deydi loyiha xodimi.

Buyumlarni to’g'ri va uzoq saqlash uchun ular maxsus qog'oz va qutilardan foydalanishmoqda.

132 yildan beri faoliyat yuritayotgan Xarford grafligi jamiyat tarixi uyushmasi notijoriy tashkilot. Bel-Eyr shahridagi eski pochta binosida joylashgan.

“Biz o’tmishimizni yozib qoldirishga, saqlashga urinyapmiz. Zero odamlar qaerdan kelganini, kimligini, kelajak mohiyatini tushunsin”, - deydi uyushma faollaridan Merian Skovronski.

Muzeyga keganlar tarixiy hujjatlar, nashrlar, suratlar va uy jihozlarini tomosha qilishi mumkin.

“Men tarixni yaxshi ko’raman. Bu yer oldindan menga yoqardi”, - deydi muzeyga kelgan o’n yoshli Taylor.

“Eski kiyimlarni ko’zdan kechirishni yoqtiraman. Onam chevar bo’lgani uchun bunaqa kiyimlar tikishga qancha mehnat, qancha vaqt ketishini tushunaman, murakkab ish. Saqlab qolish esa to’g’ri”, - deydi Lea Bosnak.

Tarixning har bir bo'lagini, har bir parchasini saqlab qolishga qiziqqan ko’ngillilar bu ishni katta ishtiyoq bilan bajarmoqda.