Puerto-Riko bankrot, AQSh Kongressidan yordam kutmoqda

  • Amerika Ovozi

Puerto-rikolik namoyishchilar AQSh inqiroz paytida o'z banklarini qutqardi, nega bizga yordam bermaydi, deb so'raydi.

Chuqur iqtisodiy inqirozga yuz tutgan Puerto-Riko tashqi qarzlarini to'lay olmay, defoltga uchradi. Hukumat bugun qarzning 422 million dollarlik qismini kreditorlarga qaytarishi kerak edi.

"Bu biz uchun og'ir qaror", - dedi orol gubernatori Garsiya Padilla 3,5 million aholiga televizion murojaatida. "Mablag'ni maoshlarni to'lashga, sog'liqni saqlash va ta'limga sarflashga qaror qildik. Asosiy ehtiyojlar har narsadan ustun".

Puerto-Riko AQSh territoriyasi hisoblanadi, saylovlarda ovoz beradi, fuqarolari Amerika pasportiga ega. 2012-yilgi referendumda orol aholisi 51-shtat bo'lish istagini ham bildirgan.

Gubernatorning aytishicha, qarz masalasini hal qilish uchun AQSh Kongressiga qilingan murojaatlar javobsiz qolmoqda.

"Amerikadan bizni qutqaring deb so'rayotganimiz yo'q, moliyaviy yordam taklif etilgani ham yo'q. Qarzimizni qayta ko'rib chiqish uchun Kongressdan ruxsat so'rayapmiz, xolos", - deydi Garsiya Padilla.

70 milliard dollar qarzga botgan Puerto-Riko bankrot holatida.