Putin prezidentlikka yana saylanishiga imkon beruvchi tuzatishlarni ma'qulladi

  • Amerika Ovozi

22-aprel kuni Rossiya aholisi konstitutsion tuzatishlarga ovoz berishi kutilmoqda. Qonunchilar ushbu tuzatishlar doirasida Vladimir Putinga prezidentlik muddatini yangilashga imkon berishni taklif etmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 16-mart, 2020-yil

Dunyodagi birinchi kosmonavt ayol va Davlat Dumasi a’zosi Valentina Tereshkovaning aytishicha, prezidentlik muddatiga qo’yilgan cheklovni olib tashlash yoki yangilangan konstitutsiya kuchga kirishi bilan Putinga yangidan saylanish huquqini berish kerak.

Ba’zilar bu tashabbus Kreml bilan kelishilganini aytarkan, Dumada ma’ruza qilgan Putin taklifni qabul qildi.

“Umuman olganda bunday ehtimolga qarshimasman, biroq buning uchun Konstitutsion sud bunday tuzatishning konstitutsiya tamoyillari va asosiy qoidalariga xilof emasligini izohlab o’tishi kerak”, - dedi Putin.

Qonunchilar taklifi Putinga yana ikki muddatga saylanish huquqini beradi, ya’ni 2036-yilgacha. Shunda u Rossiyani eng uzoq boshqargan rahbar bo’ladi.

Tanqidchilar bu tashabbus Kremlning o’zidan chiqqanini aytadi.

“Bu mavzuda yetarlicha munozara yoki siyosiy muhokama bo’lgani ham yo’q. Davlat to’ntarishiga o’xshab qoldi. Ammo odamlar yuqoridagilar xohishiga qarshi borolmasligini, qo’lidan hech narsa kelmasligini aytmoqda”, - deydi siyosiy tahlilchi Boris Kagarlitskiy.

Moskvada bu tashabbusga qarshi chiqayotganlar namoyish qilib, Putin bir umr prezident bo’lmoqchi ekanini aytadi.

Muxolifatga kattaroq namoyishlar o’tkazishga ruxsat yo’q. Koronavirus xavotiri sabab shahar ma’muriyati ko’p sonli odamlarning to’planishini man qilgan.

Ayrim tahlilchilar nazarida, Rossiya elitasi Putinning ketishiga yoki Putin sharofati bilan erishilayotgan boyliklarni qo’ldan chiqarishga tayyor emas.

“Ba’zilar Putin hokimiyatda umrbod qolishni xohlashini aytadi. U balki buni istar, ammo bunday qilmaydi, sog’lig’i imkon bersa-da. Gap Putindamas. Gap o’tish jarayonini nazorat qilishda. Ammo qonuniy yo’l bilan buni uddalay olishmayapti”, - deydi tahlilchi Kagarlitskiy.

Putin Dumada bir ovoz bilan qabul qilingan konstitutsion o’zgarishlarni tasdiqlab imzosini qo’ydi. Endi Konstitutsion sud o’z qarorini chiqarishi kutilmoqda.