Fors ko'rfazining uch davlati Qatardan elchisini chaqirib oldi

  • Amerika Ovozi

Fors ko'rfazi hamkorlik kengashi yig'inidan, Riyod, Saudiya Arabistoni, 2-may, 2012-yil

Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Bahrayn Qatardan o’z elchilarini chaqirib oldi. Ularga ko’ra, Doxa qo’shni davlatlarning ichki ishiga aralashib, mintaqa xavfsizligiga tahdid solmoqda.

Fors ko’rfazi hamkorlik kengashining uch a’zosi bugun e’lon qilgan qo’shma bayonotda Qatar o’tgan yili Riyodda imzolangan xavfsizlik kelishuvi shartlarini buzayotgani aytiladi. Ushbu hujjatga ko’ra, tomonlar mintaqa xavfsizligiga tahdid soluvchi shaxs va tashkilotlarni qo’llab-quvvatlamasligi kerak

Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Bahrayn Qatarning bir necha mamlakatda davlat to’ntarishi o’tkazishga uringanlikda ayblanuvchi Musulmon birodarlar guruhini himoya qilayotganidan norozi.

Dubayda joylasgan Yaqin sharq va Fors ko’rfazi harbiy tahlil institutida tadqiqotlar bo’limi rahbari Teodor Karasik vaziyatni shunday baholaydi:

“Misrda terrorchi guruh deya e’lon qilingan Birodarlar Qatardan panoh topmoqda. Doxa o’z hududidan guruh a’zolariga boshpana berishda davom etmoqda”.

Kecha Saudiya Arabistonida o’tgan yig’inda Fors ko’rfazi hamkorlik kengashi a’zolari Qatarni yana bir bor xavfsizlik bitimi shartlariga rioya etishga chaqirdi. Doxa esa o'z yo’lidan qaytmasligini aytgan.

Elchilarning chaqirib olinishi vaziyatning jiddiyalashayotganidan dalolat beradi, deydi tahlilchi Karasik.

“Fors ko’rfazi davlatlari haqiqiy o’zgarish bo’lishini kutishlari mumkin. Shu narsa ro’y bermagunicha, vaziyat qaltisligicha qolaveradi”, - deydi u.

Qatar rasmiylari so’nggi diplomatik o’zgarishlarga munosabat bildirgani yo’q. Yaqin sharq bo’yicha tahlilchi Nil Patrikning aytishicha, endi nima bo’lishini aytish qiyin.

“Bu davlatlarning hech biri bunday munozaraning davom etishidan manfaatdor emas. Boshqa tomondan, Qatar Musulmon birodarlarga nisbatan munosabatini birdan o’zgartirishi mumkinligini ham kutish qiyin”, - deydi u.

Dushanba kuni Birlashgan Arab Amirliklari sudi Qatar fuqarosi bo’lmish Mahmud al-Jidahni Musulmon birodarlar nomidan mablag’ yiqqani uchun yetti yilga ozodlikdan mahrum etdi. Qatarning Milliy inson huquqlari qo’mitasi sud qarorini qoralab chiqdi.

Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn o’z elchilariga zudlik bilan Qatarni tark etishni buyurgan.