Kennedilar fojiasi, ushalmagan orzular

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

1968-yilning yozi. Nyu-Yorkdan senator Robert Kennedi shtatma-shtat o’tkazilgan partiyaviy saylovlarda g’alaba qilib, Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo’lish harakatida edi. Ammo Los-Anjelesda unga o’q uzishgan. Amerika ahli 50 yil oldingi o’sha mudhish voqeani yodga olmoqda.

1968-yil notinch davr edi. Vyetnamda urush. Irqiy diskriminatsiyaga qarshi namoyishlar. Tenglik uchun kurashgan Martin Lyuter King joniga qasd qilingan edi.

“Biz, 1968-yilni boshdan kechirganlar, to’polonlar, orzular, qo’rqinchli lahzalarni yaxshi eslaymiz”, - deydi tarixchi Deyvid Naso.

Iyun oyida esa Robert Kennedi, ko’plab amerikaliklarga umid bag’ishlagan siyosatchi, otib o’ldiriladi. U prezidentlik poygasiga kirishganiga endi ikki oy bo’lgan edi.

“Saylovda faqat raqiblarimga qarshi chiqish uchun qatnashmayapman, yangi takliflar bilan chiqaman”, - degan edi u.

O’zgarishlar to’lqinida Kennedi fuqaro huquqlarini olg’a surgan, birdamlik, qashshoqlik, Vyetnam urushi haqida bayonotlar qilgan.

“Har ikki tomon zudlik bilan xunrezlikni bas qilishi kerak”, - deb chiqqan.

“50 yil ilgari irqiy ziddiyatlar davrida afro-amerikaliklarlar oq tanli siyosatchini quvvatlagani katta gap edi”, - deydi Kennedilar haqida kitob yozgan Larri Tay.

Uning aytishicha, Kennedi o’rtahol amerikaliklar, liberal fuqarolar, yoshlar va ozchilikdagi guruhlarni o’ziga ergashtira olgan.

“U jamiyatning turli qatlamlarini birlashtira olgan edi. O’tgan 50 yilda biror siyosatchi buni uddalay olganini ko’rmadim. Bob Kennedi achchiq haqiqatni yuzingizga aytardi”, - deydi yozuvchi.

“Bu avlod bugun bizni bu yerga yetaklagan shart-sharoitlarni yaratmagan bo’lsa-da, ularni hal qilish uchun javobgar”, - degan Kennedi.

1968-yilning 6-iyunida unga o’q uzishdi, orzulari ushalmadi.

“Unga o’q uzishganda kelajakka bo’lgan umidlarning bir qismi ham so’ndi. Ko’plab yoshlarning hafsalasi pir bo’ldi. Chunki ularga berilgan va’dalar amalga oshmadi. O’zgarish bo’lishiga ishongan yoshlar orasida qora tanlilar ham, oqlar ham bor edi”, - deydi tarixchi Deyvid Naso.

Respublikachi Richard Nikson o’shanda saylovda g’alaba qilgan. Vyetnam urushi yana yetti yil davom etgan.

“Fikrimcha, Bob Kennedi 1968 yilda poygani yutib, prezidentlikka saylangan bo’lardi. U Amerikani o’zgartirgan bo’lardi. Oradan 50 yil o’tib bugun biz yuzlashib turgan irqiy ziddiyatlar, qashshoqlik, bizni qiynab kelayotgan masalalarga o’shanda yechim topishga kirishgan bo’lardik”, - deb hisoblaydi Larri Tay.

Nyu-Yorkda o’tgan dafn marosimidan so’ng Kennedining tobuti poyezdda Vashingtonga yetkazilgan. Uni ikki million odam oxirgi yo’lga kuzatgan.

Qayg’u xalqni bir zumga birlashtirgan, ammo Kennedi kurashgan ijtimoiy-siyosiy muammolar bu yurtda hamon davom etmoqda.