AQSh Afg'oniston ayollarini himoya qiluvchi maxsus vakil tayinladi

  • Amerika Ovozi

Rina Amiriy Afg'onistonda tug'ilgan, Amerikada ulg'aygan

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga ko'ra, afg'on amerikalik Rina Amiriy Afg'onistonda xotin-qizlar manfaatlari va inson huquqlari uchun kurashuvchi maxsus vakil bo'ladi.

Amiriy Afg'onistonda tug'ilgan, Kaliforniya shtatida ulg'aygan. Barak Obama prezidentligi davrida hukumatda ishlagan. Amiriy, shuningdek, BMTda 20 yildan oshiq davr mobaynida Afg'oniston masalalari bilan shug'ullangan. Mutaxassis nufuzli universitetlarda dars bergan, tadqiqotlar olib borgan.

Buni ham ko'ring Kobulda namoyishchi ayollar nishonga olindi

"Biz Afg'oniston tinch, barqaror va xavfsiz mamlakat bo'lishini istaymiz. Barcha afg'onlar siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan teng huquq va imkoniyatlarga ega bo'lishini xohlaymiz", - deydi Blinken.

Amiriy Bayden ma'muriyatining Afg'onistonga nisbatan siyosatini tanqid qilib tanilgan. Endilikda esa u bu hukumat nomidan xalqaro maydonda Afg'oniston xotin-qizlari uchun qayg'uruvchi, bu mamlakatda inson huquqlari ravnaqi uchun jon kuydirib, AQShning bu boradagi siyosatini belgilash va amalga oshirishda yetakchi rol o'ynovchi lavozimni egallamoqda.