Bangladeshdagi roxinjalik qochqinlar orolga ko'chirilmoqda

  • Amerika Ovozi

Myanmadagi zo’ravonliklardan qo’shni Bangladeshga qochgan 700 ming roxinjalikning aksariyati so’nggi 3 yil Koks Bazardagi qochqinlar lagerida yashab kelmoqda. Lagerning haddan ziyod to’lgani bois Bangladesh hukumati ularning bir qismini orolga ko’chirishga qaror qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 10-dekabr, 2020-yil

Bxasan Char oroli yangi bo’lib, salkam 20 yil oldin vujudga kelgan. Qochqinlarning 1600 dan ziyodi u yerga birinchilardan ko’chirildi.

“Bizga bu yer yoqyapti. Eski joyda yordam berishardi. Bu yerda ham ta’minot yo’lga qo’yiladi degan umiddaman”, - deydi bir ayol.

“Bizga nima va’da qilingan bo’lsa, hammasini berishyapti”, - deydi yana bir roxinjalik.

Nodavlat tashkilotlar oroldagi qochqinlarni gumanitar xizmatlar bilan ta’minlashni boshlagan. Ularga yordam uzilmasligi va’da qilinmoqda.

“Hamma ko’tarinki kayfiyatda. Bu yerda 100 ming roxinjalik uchun sharoit yaratilgan. 22 ta nodavlat tashkilot ko’ngilli ravishda ularga joylashishda yordam bermoqda”, - deydi oroldagi boshpana loyihasi rahbari Abdulla al-Ma’mun.

Biroq inson huquqlari faollari toshqinlarga moyil orol hayot uchun xavfli ekanini aytmoqda. Bangladesh hukumati bunday xavotirlarga barham berishga intilyapti.

“Bxasan Char oroli cho’kadi degan da’volar noto’g’ri. Atrofda 75 ta orol bor. Hammasi ko’pdan beri turibdi”, - deydi Tashqi ishlar vaziri Abul Qalam Abdul Mo’min.

Orolga ko’chirilgan roxinjaliklar Koks Bazarda qolgan qarindoshlariga bu yerdagi sharoit haqida ma’lumot uzatmoqda. Qochqinlarning ikkinchi guruhi bu yerga ko’chirilishidan oldin hukumat avval oroldagilarning yangi hayotga moslashishini kuzatmoqchi.