Vladimir Putin uchinchi bor prezidentlikka saylandi

  • Amerika Ovozi

Rossiya Markaziy saylov komissiyasining bildirishicha, prezident saylovlarida berilgan ovozlarning 99 foizi hisoblab bo'lingan. Bosh vazir va sobiq prezident Vladimir Putin 63,82 foiz bilan g'alaba qozondi. Ya'ni salkam 42 million fuqaro ovozini oldi.

Saylovchilarning 64 foizdan ziyodi konstitutsion burchini ado etdi, deydi komissiya raisi Vladimir Churov.

Ikkinchi o'rinda Kommunistlar partiyasi raisi Gennadiy Zyuganov - 17,18%, ya'ni 11,2 million saylovchi. So'ng Mixail Proxorov (7,77% - 4,8 million saylovchi), Vladimir Jirinovskiy (6,23% - 4,1 million saylovchi) va Sergey Mironov (3,82% - 2,49 million saylovchi).

Saylov uchastkalarida o'tkazilgan ommaviy so'rov natijalariga ko'ra ham Putin 60 foiz atrofida ovoz olgan.

Ichki ishlar vazirligi saylovlar jiddiy qonunbuzarliklarsiz o'tganini qayd etmoqda, ammo saylovlarni kuzatgan "Golos" va "Saylovchilar ligasi" nodavlat tashkilotlari bunday holatlar bir necha mingga yetganini aytmoqda. Markaziy saylov komissiyasi shu paytga qadar 86 ta shikoyat tushganini ma'lum qildi.

Putin 2000-yigi prezident saylovlarida 50,94%, 2004-yilda esa 71,31% ovoz to'plagan edi.

Jirinosvkiy va Mironov raqibini g'alaba bilan tabrikladi; Proxorov yangi partiya tuzib, keyingi saylovlarga tayyorgarlik ko'rishini bildirdi; Zyuganov esa saylov natijalarini tan olishdan bosh tortib, jarayonni adolatsiz va noqonuniy deb atadi.