Tramp: Saylovlarga aralashuvga yo'l qo'ymaymiz

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp kelajakda Amerika saylovlariga aralashuv holatlarining oldini olishga tayyormiz, demoqda. Ammo shu bilan birga, AQSh rahbari Rossiya 2016-yil saylovlariga aralashganiga ishonmaydi.

“Ruslar saylovchilarimiz qaroriga ta’sir qilgani yo’q. Aralashuv bo’lgan, boshqa mamlakatlardan ham aralashishgandir”, - dedi Tramp.

Your browser doesn’t support HTML5

Tramp: Saylovlarga aralashuvning oldini olamiz

Shu yil noyabrida bo’ladigan Kongress saylovlarini tashqi aralashuvdan himoya qilamiz, dedi u.

“Bunga yo’l qo’ymaymiz. Vaziyatni chuqur o’rganyapmiz, jiddiy tavsiyalar beriladi. Partiyamiz yaxshi natija ko’rsatadi”, - dedi Tramp.

Tahlilchilarning ogohlantirishicha, Rossiya hamisha AQSh siyosatini o’zgartirishga harakat qilgan. Yevropa siyosati tahlili markazi eksperti Yanush Bugayskiyning aytishicha, noyabrda ham shunday bo’lishi kutilmoqda, ayniqsa ijtimoiy sahifalar yordamida.

“Facebook” va boshqa sahifalarda ancha faol ular, odamlarning u yoki bu nomzod tomon og’ishi yohud unga qarshi ovoz berishiga undovchi, jamiyatlarni bo’lib qo’yuvchi ma’lumotlar ulashishadi”, - deydi tahlilchi.

Bugayskiyning aytishicha, Qo’shma Shtatlar hushyor bo’lishi, hujumlarni qaytarishga tayyor turishi kerak. Unga ko’ra, Rossiyadagi siyosiy tizim AQShnikiga qaraganda ancha zaifdir.

“Bizda uyushgan, yaxshi himoyalangan demokratiya mavjud, Rossiyada esa totalitar jamiyat, o’ta shafqatsiz, parchalanishi mumkin. Bizga hujum qilishga jur’at etishsa, axborot maydonida ularga ancha qattiqroq zarba bera olishimizni bildirishimiz kerak”, - deydi Bugayskiy.

Biroq boshqalar nazarida, ikki mamlakat o’rtasida bir-biriga nisbatan kuchayayotgan shubha va o’zaro tahdidlar usiz ham tarang aloqalarni yanada sovuqlashtirmoqda.

“Ikki davlat aloqalarini yaxshilash, o’zaro ishonchni tiklash zarur”, - deydi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Tomas Greminger.

AQSh Milliy razvedka xizmati direktori Den Koutsning Senatda aytishicha, Amerika demokratiyasiga nafaqat Rossiya, balki Xitoy, Shimoliy Koreya va Eron ham jiddiy tahdid solmoqda.