Rossiya Suriyadagi amaliyotlar uchun Eron bazasidan foydalanmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiya Suriyada Prezident Bashar Assadga qarshi kurashayotgan kuchlarni nishonga olish maqsadida Eron roziligi bilan Hamadandagi aviabazaga og’ir bombardirovkachi samolyotlarini joylashtirdi. Seshanba kuni samolyotlar Halab, Dayr-az-Zo’r va Idlibda havo hujumlarini amalga oshirib, Rossiya Mudofaa vazirligiga ko’ra, 150 nafar jangari yo’q qilingan.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Mark Toner Rossiyaning Suriya fuqarolar urushida faollashayotganidan xavotir bildirdi.

"Biz uchun kutilmagan holat bo’lmasa-da, ammo afsuslanarali bir vaziyatga guvohmiz. Rossiya bevosita Eron yordamida nafaqat Daish va al-Nusra fronti, balki Suriyaning mo’tadil muxolif kuchlarini ham nishonga olishda davom etmoqda", - deydi departament vakili.

AQSh hukumati huquqshunoslari Rossiya Eronga harbiy samolyot eltib, Tehronga qurol uzatishni man qiluvchi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasini buzgan-buzmaganini o’rganmoqda. Ammo Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, harbiy samolyotlar Eronga topshirilmaydi, demak, xalqaro qonunga zid ish bo’lmagan.